O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorlikning yangi arxitekturasini yaratmoqda
Avgust 26, 2026. 17:30 • 10 daq
• 75
TOSHKENT, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida 23–24-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston–Ozarbayjon sammiti haqida fikr yuritdi.
– Tantanali marosimlardan tashqari, ushbu davlat tashrifining asosiy siyosiy natijasi nimadan iborat? Tashrifdan so‘ng O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, deb aytish mumkinmi?
– Shubhasiz. Ko‘ksaroy qarorgohidagi tantanali kutib olish marosimi, faxriy qorovul va ikki davlat madhiyalarining yangrashi tashrifning alohida maqomini namoyon etdi. Biroq tashrifning tarixiy ahamiyati marosimlarda emas, balki uning siyosiy natijalarida ko‘rinadi.
Tor doiradagi muzokaralar va Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab oldi. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi esa shartnomaviy-huquqiy bazani shunchaki yangi hujjat bilan to‘ldirmadi, balki amalda shakllangan yaqin munosabatlarni oliy siyosiy darajada mustahkamladi.
Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekani haqidagi so‘zlarini oddiy protokol iborasi emas, balki O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining bugungi darajasiga berilgan aniq baho sifatida qabul qilish lozim.
Hozirgi bosqichning asosiy xususiyati – ittifoqchilik munosabatlarining amaliy mazmun bilan boyib borayotganidir. Endilikda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar faqat uchrashuvlar soni yoki bayonotlar bilan emas, balki qabul qilingan qarorlar va amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar bilan baholanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, strategik sheriklikning har bir yo‘nalishi aniq amaliy natijalarda o‘z ifodasini topishi lozim. Mazkur tashrif ham siyosiy yaqinlikni aniq kelishuv va loyihalarga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tashrif doirasida imzolangan hujjatlar ko‘lami ham alohida eʼtiborga loyiq. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma va Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarori bilan bir qatorda, pensiya taʼminoti, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikka oid bitimlar qabul qilindi. Shuningdek, 2030 yilga qadar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bir milliard dollarga yetkazish dasturi hamda investitsiya va savdo sohalaridagi amaliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Tashqi ishlar va adliya vazirliklari o‘rtasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari, kinologiya sohasidagi memorandum, Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxichevan shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatishga doir hujjatlar ham imzolandi. Bularning barchasi hamkorlik siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiyot, ijtimoiy va gumanitar sohalar hamda hududlararo aloqalargacha bo‘lgan keng yo‘nalishlarni qamrab olayotganini ko‘rsatadi.
Bu shunchaki alohida hujjatlar to‘plami emas, balki siyosiy va iqtisodiy hamkorlikdan tortib, vazirlik va idoralar hamda shaharlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalargacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarni qamrab oluvchi yaxlit hamkorlik tizimidir.
Shu bilan birga, tashrif puxta institutsional tayyorgarlik asosida o‘tkazildi. Undan oldin Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, Ishbilarmonlar kengashi va Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi. Joriy oyda Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari hokimlari ham Ozarbayjonga tashrif buyurdi.
Bu muhim ahamiyatga ega. Chunki ittifoqchilik munosabatlari faqat davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot bilan cheklanib qolmay, hukumatlar, vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar hamda hududlarni qamrab olgan ko‘p bosqichli hamkorlik tizimiga aylanmoqda. Bunday tizim munosabatlarning barqarorligini taʼminlaydi va ularni alohida tashriflar yoki vaqtinchalik omillarga qaram bo‘lib qolishidan saqlaydi.
– Tashrifning iqtisodiy kun tartibi keng qamrovli bo‘ldi. Uning avvalgi tashriflardan asosiy farqi nimada va Ozarbayjon O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy strategiyasida qanday o‘rin tutadi?
–Asosiy farq shundaki, tomonlar hamkorlik qilish istagini bildirish bilan cheklanib qolmay, aniq maqsad va mexanizmlarga asoslangan iqtisodiy kooperatsiyaga o‘tmoqda. So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi uch barobar oshdi. Biroq tomonlar erishilgan natijalarni qayd etish bilangina cheklanmasdan, 2030-yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini bir milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini qabul qildi. Natijada ushbu ko‘rsatkich siyosiy xohish emas, balki rasmiy hujjatda mustahkamlangan aniq maqsad va amaliy vazifaga aylandi.
Hamkorlik qamrab olgan sohalarning xilma-xilligi ham alohida ahamiyatga ega. Qo‘shma loyihalar portfeli energetika, geologiya, kimyo sanoati, qurilish, moliya va qishloq xo‘jaligi kabi muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Loyihalarni ishga tushirish marosimida ikki davlat rahbari bank sohasi, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, taʼlim muassasalarini tashkil etish, avtomobillarga yoqilg‘i quyish infratuzilmasini rivojlantirish, yirik sayyohlik va turar joy majmualarini qurish, mineral xomashyoni qayta ishlash hamda bog‘dorchilikka doir tashabbuslarga start berdi.
Bu O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar oddiy «sotuvchi – xaridor» shaklidagi savdo bilan cheklanmayotganini ko‘rsatadi. Endi hamkorlik qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish va umumiy infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga qaratilmoqda.
Bir necha yil avval tashkil etilgan O‘zbekiston–Ozarbayjon qo‘shma investitsiya kompaniyasi ham alohida eʼtiborga loyiq. Zarur hamkorlik mexanizmi yaratilgan va uning kapitali shakllantirilgan. Endilikda asosiy vazifa kompaniya imkoniyatlaridan yana-da faol va samarali foydalanishdan iborat.
Kompaniya faoliyatini jadallashtirishga qaratilgan chaqiriq tomonlar uni shunchaki moliyaviy vosita emas, balki yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning muhim mexanizmi sifatida ko‘rayotganini anglatadi.
Hamkorlikning yana bir muhim jihati – hududlararo aloqalarning rivojlanayotganidir. Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari hokimlarining Ozarbayjonga tashriflari iqtisodiy hamkorlikni faqat poytaxtlar darajasida emas, balki hududlar o‘rtasida ham kengaytirishga intilishni ko‘rsatadi.
Energetika, moliya, qishloq xo‘jaligi va qurilish kabi turli sohalardagi hamkorlikning hududlararo aloqalar bilan uyg‘unlashishi munosabatlarni yana-da mustahkam va barqaror qiladi. Agar bir sohada o‘sish surʼati pasaysa, boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar va aloqalar umumiy hamkorlik rivojini saqlab turishga xizmat qiladi.
– O‘zbekiston uchun transport yo‘laklarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Bu jarayonda Ozarbayjon qanday o‘rin tutadi va ushbu hamkorlik nima uchun faqat ikki tomonlama savdo bilan cheklanmaydi?
– Ozarbayjon O‘zbekiston uchun alohida strategik qiymatga ega bo‘lgan xususiyatga ega: u Transkaspiy yo‘lagi tizimida muhim o‘rin tutadi. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan va tashqi savdo geografiyasini izchil kengaytirib borayotgan davlat uchun transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik texnik masala emas, balki iqtisodiy barqarorlik shartlaridan biridir.
Shuning uchun O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish, logistika infratuzilmasi samaradorligini oshirish va yuk tashishni rag‘batlantirish bo‘yicha kelishuvni oddiy transport kun tartibidan kengroq nuqtai nazarda baholash lozim. Gap ikki mamlakatning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlab, o‘zlarining geografik joylashuvidan iqtisodiy taraqqiyot omili sifatida samarali foydalanishi haqida bormoqda.
Bu jarayonda O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining o‘ziga xos jihati yaqqol namoyon bo‘ladi. Ikki davlat o‘rtasidagi yuksak siyosiy ishonch transport aloqalarini rivojlantirishga uzoq muddatli umumiy manfaat sifatida yondashish imkonini bermoqda. Qo‘shma iqtisodiy loyihalar va O‘rta yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik esa munosabatlarni oddiy ikki tomonlama savdo doirasidan chiqarib, mintaqalararo ahamiyatga ega strategik sheriklik darajasiga ko‘tarmoqda.
– Odatda tashriflar doirasida iqtisodiy masalalarga asosiy eʼtibor qaratilib, gumanitar hamkorlik ikkinchi darajali bo‘lib qoladi. Biroq bu galgi tashrif dasturida gumanitar yo‘nalishga ham alohida ahamiyat berildi. Bu O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning qanday xususiyatlarini namoyon etadi?
– Bu O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat mushtarak manfaatlarga, balki ikki xalqning tarixiy va madaniy yaqinligiga ham asoslanganini ko‘rsatadi. Iqtisodiy kelishuvlar ikki tomonga amaliy manfaat keltirsa, gumanitar loyihalar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlaydi. Natijada hamkorlik davlatlararo munosabatlar doirasidan chiqib, ikki xalqni yana-da yaqinlashtiruvchi muhim omilga aylanadi.
Yangi Toshkentdagi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi bunga yorqin misoldir. U 40 gektar maydonda barpo etilgan, 20 ming talabaga mo‘ljallangan va 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqichda 12 ming talabaga mo‘ljallangan besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi barpo etildi.
Shuningdek, kampus hududida Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi tashkil qilindi. Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, buyuk ozarbayjon shoirining nomi O‘zbekistonda shunchaki xotira sifatida yodga olinmayapti, balki uning boy ijodiy merosi mamlakatimiz taʼlim va maʼnaviy-maʼrifiy hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Yangi Toshkentda 4 gektar maydonda “Ozarbayjon” bog‘iga tamal toshi qo‘yilishi ham ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikning amaliy ifodasidir. Ushbu tashabbus o‘zarolik tamoyiliga asoslangan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bokuga tashrifi chog‘ida «Oq shahar» hududida barpo etiladigan 4,5 gektarlik “O‘zbekiston” bog‘i poydevoriga ham kapsula qo‘yilgan edi.
Unda mamlakatimiz tarixiy obidalarining meʼmoriy namunalari aks ettiriladi. Toshkentda “Ozarbayjon”, Bokuda esa “O‘zbekiston” bog‘ining tashkil etilishi ikki mamlakatning o‘zaro hurmat va do‘stlikka birdek intilayotganini ko‘rsatadi.
Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning adabiy merosi haqida qo‘shma badiiy film suratga olish taklifi ham ikki xalqning madaniy yaqinligini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu film mushtarak tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarni keng jamoatchilikka taʼsirchan va tushunarli shaklda yetkazish imkonini beradi.
Joriy yil kuzida Ozarbayjonda yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi o‘tkazilishi esa universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini muntazam yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Bularning barchasini xalqlar o‘rtasidagi uzoq muddatli ishonchni mustahkamlaydigan muhim tashabbuslar, deb atash mumkin. Savdo ko‘rsatkichlari iqtisodiy vaziyatga qarab o‘zgarishi mumkin. Ammo universitet kampusi, bog‘, qo‘shma film, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi aloqalar odamlar hayotining bir qismiga aylanib, uzoq yillar davomida ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirib boradi. O‘zbekiston–Ozarbayjon gumanitar hamkorligining ahamiyati va ittifoqchilik munosabatlarining o‘ziga xos jihati aynan shunda namoyon bo‘ladi.
– 2027-yilda futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining O‘zbekiston va Ozarbayjonda birgalikda o‘tkazilishi muhim voqeadir. Ushbu musobaqa ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qanday hissa qo‘shishi mumkin?
– FIFAning yoshlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda birgalikda o‘tkazish haqidagi qarori ikki davlat o‘rtasida yuksak ishonch shakllanganini ko‘rsatadi. Bunday nufuzli musobaqani tashkil etish barcha masalalarni yaqindan muvofiqlashtirishni, tashkiliy ishlarni hamjihatlikda amalga oshirishni va xalqaro futbol jamoatchiligi oldida umumiy masʼuliyatni zimmaga olishni talab qiladi.
Shu bilan birga, davlat rahbarlari chempionatning ahamiyatini faqat stadionlar va futbol o‘yinlari bilan cheklab qo‘ymadi. «Ikki mamlakat – bir chempionat» dasturi doirasida madaniy va yoshlarga oid turli tadbirlarni o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.
Bu chempionatni O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish, yangi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini shakllantirish uchun muhim maydonga aylantiradi. Bunday aloqalar kelajakda iqtisodiyot, diplomatiya, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Chempionat xalqaro ahamiyatga ham ega. Uni birgalikda yuqori saviyada o‘tkazish O‘zbekiston va Ozarbayjonning yirik xalqaro tadbirlarni hamjihatlikda tashkil etish salohiyatini namoyon qiladi. Shuningdek, bu Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va ikki mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, talabalar almashinuvi, qo‘shma ijodiy loyihalar va chempionat ikki mamlakat yoshlarini bir-biriga yana-da yaqinlashtiradi. O‘zbekiston–Ozarbayjon ittifoqchiligining kelajagi faqat davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikka emas, balki yosh avlodlar o‘rtasidagi mustahkam aloqalarga ham bog‘liq. Bugun yoshlar o‘rtasida shakllanayotgan do‘stlik va hamkorlik munosabatlari kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikning ishonchli tayanchiga aylanadi.
– Tashrif davomidagi qaysi voqealar ikki mamlakat rahbarlari va xalqlari o‘rtasidagi alohida yaqinlikni eng yaqqol namoyon etdi? Tashrif yakunlari bo‘yicha qanday asosiy xulosaga kelish mumkin?
– Avvalo, ikki davlat rahbarining oliy davlat mukofotlari bilan o‘zaro taqdirlanganini alohida taʼkidlash lozim. Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekistonning oliy davlat mukofoti – «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeniga, Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Ozarbayjonning oliy mukofoti – «Haydar Aliyev» ordeniga sazovor bo‘ldi.
Turli yillarda «Haydar Aliyev» ordeni bilan Fransiya Prezidenti Jak Shirak, Quvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va Italiya Prezidenti Serjo Mattarella taqdirlangan. Shavkat Mirziyoyevning ham ushbu oliy mukofotga sazovor bo‘lishi Ozarbayjon O‘zbekiston bilan munosabatlarga yuksak ahamiyat qaratayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Haydar Aliyev haqida bildirgan fikrlari taqdirlash marosimiga alohida maʼno bag‘ishladi. U Haydar Aliyev butun umrini Vatanga xizmat qilishga bag‘ishlagani va zamonaviy Ozarbayjon taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratganini taʼkidladi.
Shuningdek, Haydar Aliyev o‘zbek xalqining tarixi va madaniyatiga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgani qayd etildi. Bu fikrlar shunchaki rasmiy ehtirom emas, balki buyuk davlat arbobining xotirasiga va Ozarbayjon xalqiga bildirilgan samimiy hurmat ifodasidir.
Tashrifning Toshkentdan keyin Buxoroda davom etgani ham alohida ramziy ahamiyatga ega. Ikki davlat rahbari rafiqalari bilan birga qadimiy shaharning tarixiy obidalari, shuningdek, viloyatning raqamlashtirish, yengil sanoat va elektrotexnika sohalaridagi salohiyati bilan tanishdi. Bu tashrif Ozarbayjon tomoniga O‘zbekistonni nafaqat rasmiy muzokaralar orqali, balki uning boy madaniy merosi, hududlarning taraqqiyoti va zamonaviy bunyodkorlik ishlari misolida ham yaqindan tanishish imkonini berdi.
Asosiy xulosa shuki, O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari mustahkam siyosiy iroda, o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik va ikki xalqning tarixiy-maʼnaviy yaqinligiga asoslangan. Bu munosabatlarning poydevorini vaqtinchalik manfaatlar emas, balki o‘zaro hurmat, mushtarak tarix va madaniyat hamda yuksak ishonch tashkil etadi.
Shu maʼnoda, Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma ikki mamlakat o‘rtasida kelajakda yaqin munosabatlar o‘rnatish haqidagi shunchaki vaʼda emas. U O‘zbekiston va Ozarbayjon allaqachon aniq amaliy ishlar bilan mustahkamlab kelayotgan do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarining mantiqiy ifodasidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi