“Press Trust of India” AA: O‘zbekiston Hindiston farmatsevtika kompaniyalari uchun qo‘shimcha rag‘batlar taklif qilishga tayyor
Iyun 08, 2026. 21:25 • 2 daq
• 25
DЕHLI, 8-iyun. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Shohruh G‘ulomov PTI (Press Trust of India) axborot agentligi muxbiri Kumar Dipankarga intervyu berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materialda farmatsevtika tarmog‘i va madaniy-iqtisodiy aloqalarga urg‘u berilgan holda, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari batafsil yoritilgan.
O‘zbekiston dori vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha mintaqaviy xabga aylanishni maqsad qilgani haqida so‘z yuritilgan. Mamlakatimiz Hindiston farmatsevtika kompaniyalarini jalb etish uchun texnologiyalar transferiga alohida subsidiyalar va rag‘batlar taqdim etishga tayyorligi bildirilgan.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar qatorida litsenziyalashni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish va sanoat klasterlari ishtirokchilari uchun soliq imtiyozlari berish, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish kabi muhim masalalar alohida e’tiborni tortadi.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu qadamlar Hindiston kompaniyalariga hayotiy zarur dori-darmonlarni mahalliy darajada ishlab chiqarish, aholining sifatli tibbiyotdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va importga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.
Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi sado-iqtisodiy munosabatlarning barqaror o‘sayotgani qayd etilgan. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 1,3 milliard AQSH dollaridan oshib, 2024 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 33 foiz ko‘p bo‘ldi.
O‘tgan yili Hindistonning O‘zbekistonga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari qariyb 300 million dollarga yetdi. 2026-yil may holatiga ko‘ra, mamlakatimizda hind kapitali ishtirokidagi 400 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda, shulardan 311 tasi qo‘shma korxonalardir.
Intervyuda madaniy hamkorlikka iqtisodiy integratsiyaning drayveri sifatida alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekistonda Hindiston turizmi va kinoloyihalari mehmonxona xo‘jaligi, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlangan. Madaniy festivallar, kinoforumlar va qo‘shma tashabbuslar o‘zaro ishonchni mustahkamlamoqda, ijodiy industriyani savdo va sanoat kooperatsiyasi bilan bog‘lagan holda biznes-aloqalar va investitsiyalarning faollashishiga bevosita xizmat qilmoqda.
Suhbatdosh tomonlarning o‘zaro hamkorligi 117 ta ikki tomonlama hujjatni, jumladan, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni o‘z ichiga olgan mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazaga tayanishini eslatib o‘tgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi