O‘zbekiston va BAA o‘rtasida bank-moliya sohasidagi hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Iyun 08, 2026. 20:55 • 2 daq
• 12
ABU-DABI, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari tomonidan “Abu Dhabi Commercial Bank” (ADCB) rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida amirliklar vakillariga O‘zbekistonda banklarni xususiylashtirish, sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, tizimga yangi zamonaviy raqamli texnologiyalarni tatbiq etish, bank-moliya bozorida xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash va uning turlarini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Muloqot yakunida “Abu Dhabi Commercial Bank” bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida arab tomoni vakillarining Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bank delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, shuningdek, “Asakabank” va “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat banklari rahbariyati bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 1985-yilda tashkil etilgan “Abu Dhabi Commercial Bank” BAAning yetakchi tijorat banklaridan biri hisoblanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, moliya muassasasining umumiy aktivlari 211 milliard dollarni, sof foydasi esa 3,1 milliard dollarni tashkil etgan. Bank tizimida bugungi kunda 17 mingga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ADCB xalqaro moliya bozorida o‘z mavqeiga ega bo‘lib, Buyuk Britaniya, Misr, Saudiya Arabistoni, Hindiston va Qozog‘iston kabi davlatlarda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi