Ukraina delegatsiyasi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi
Iyun 08, 2026. 14:55 • 2 daq
• 139
KIYEV, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. “Kyiv Diplomatic” jurnalida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Ukrainada “Biznesdagi ayollar” platformasi delegatsiyasining fikr-mulohazalari e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, “Biznesdagi ayollar” platformasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan.
Xususan, e’lon qilingan sharhlarda O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik tadbirkorlik va boshqa yo‘nalishlarda ko‘plab imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlangan.
Ukrainalik mutaxassislar O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratgan. Platforma vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi Markaziy Osiyodagi eng yuqori o‘sish sur’atlaridan birini namoyon etmoqda.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekiston iqtisodiyoti 7 foizdan ko‘proqqa o‘sgani, davlat tomonidan tadbirkorlik, raqamlashtirish va xalqaro savdoni rivojlantirish borasida izchil ishlar olib borilayotgani qayd etilgan.
Ukrainalik tadbirkorlar O‘zbekiston tajribasining Ukraina uchun amaliy ahamiyatini ham e’tirof etdi. Ularning fikricha, ukrainalik tadbirkorlar uchun bunday tajriba g‘oyat qimmatli bo‘lib, kelajak taraqqiyoti uchun yangi g‘oyalar, yondashuvlar va imkoniyatlarni ochib beradi.
Jurnalda e’lon qilingan sharhlarda soliq va iqtisodiy islohotlarning samaradorligi haqida ham to‘xtalib o‘tilgan. Platforma vakillari “Soliq va iqtisodiy islohotlar tajribasi biz uchun qiziqarli bo‘ldi. O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda tizimli yondashuv namunasini ko‘rsatmoqda”, deya qayd etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi