Logo

Toshkentda IATAning doimiy vakolatxonasi ochildi

Aprel 27, 2026. 13:55 • 3 daq

82
Toshkentda IATAning doimiy vakolatxonasi ochildi

BRYUSSEL27-aprel. /“Dunyo” AA/. Toshkentda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) o‘zining doimiy vakolatxonasini ochdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA Belgiyaning “Travel Tomorrow” nashriga tayanib.

Maqolada qayd etilishicha, ushbu vakolatxona joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda “Billing and Settlement Plan” (BSP) o‘zaro hisob-kitoblar tizimini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Ushbu loyiha Osiyo, Yevropa va Kavkazni bog‘lovchi asosiy transport uzeli sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga intilayotgan mamlakat aviatsiya sohasi uchun muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.

IATAning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Rafael Shvarsman O‘zbekiston yo‘lovchi va yuk tashish bozorida tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Uning fikricha, mazkur ofisning ochilishi hamda BSP tizimining joriy qilinishi xavfsizlik va operatsion samaradorlikni oshirish orqali havo qatnovini rivojlantirishga strategik yordam beradi.

BSP tizimi sayyohlik agentliklari va aviakompaniyalar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni soddalashtirishga, aviachiptalar savdosining moliyaviy infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan. Bu o‘tkazmalar samaradorligini oshirishga va xalqaro distributsiya kanallaridan foydalanish imkonini kengaytirishga xizmat qiladi.

Nashrda yozilishicha, yangi ofis xalqaro xavfsizlik standartlari va operatsion faoliyatni joriy etish masalalarida aviakompaniyalar, aeroportlar hamda davlat organlari bilan hamkorlikni yana-da yaxshilaydi.

Assotsiatsiyaning qayd etishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston o‘zini Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishidagi zamonaviy markaz sifatida ko‘rsatib, transport va turizm infratuzilmasini faol rivojlantirmoqda. Avvalroq, 2026-yilda 12 million xorijiy sayyohni qabul qilish va 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 20 millionga yetkazish rejalashtirilgani xabar qilingan edi.

Shuningdek, tashkilot 2024–2050-yillar oralig‘ida O‘zbekistonda yo‘lovchi aviayo‘nalishidagi tashuvlarning 3,3 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda. Bu o‘rtacha jahon ko‘rsatkichidan yuqori hisoblanadi.

Toshkent, Buxoro va Urganch aeroportlari izchil modernizatsiya qilinayotgani, Navoiydagi yuk habi rivojlantirilayotgani bu sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga misol bo‘la oladi. 2023-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston aeroportlari orqali yuk tashish hajmi 66,6 ming tonnani tashkil etgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, aviatsiya sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga 795,5 million AQSH dollari miqdorida foyda keltirib, qariyb 128 mingta ish o‘rnini yaratadi. Aviatashuvlar bilan bog‘liq turizm esa mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli qo‘shimcha daromad olib keladi.

“Travel Tomorrow”da eʼlon qilingan maqolada O‘zbekistonning barqaror aviatsiya yoqilg‘isi (SAF) ishlab chiqarishdagi imkoniyatlari haqida ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Bu uglerod chiqindilarini kamaytirishga va yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish