Logo

“World News”da O‘zbekiston haqida turkum maqolalar eʼlon qilindi

Yanvar 05, 2026. 17:50 • 3 daq

321
“World News”da O‘zbekiston haqida turkum maqolalar eʼlon qilindi
“World News”da O‘zbekiston haqida turkum maqolalar eʼlon qilindi
“World News”da O‘zbekiston haqida turkum maqolalar eʼlon qilindi

ISLOMOBOD, 6-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “World News” elektron nashri O‘zbekiston hayotida kechayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan turkum maqolalarni eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri

Jumladan, mazkur nashrda chop etilgan “Toshkent xalqaro aeroporti 2025-yilda qariyb 10 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi” sarlavhali maqolada Toshkent xalqaro aeroporti 2025 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatning eng yirik aviatashuvchisi maqomini saqlab qolgani maʼlum qilingan.

Taʼkidlanishicha, yil davomida aeroport orqali jami 40 ming 153 ta reys amalga oshirilib, qariyb 10 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkichlar 2024-yil bilan solishtirilganda sezilarli o‘sishni aks ettiradi. O‘tgan yili aeroport 34 ming 789 ta reysni qabul qilgan va 8 million 725 ming nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan edi. Natijada, yo‘lovchi oqimi 14 foizga, reyslar soni esa 15 foizga oshgan. Yo‘lovchilarning katta qismi xalqaro yo‘nalishlarga to‘g‘ri keldi. Aeroport yil davomida Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va MDH mamlakatlari bilan muntazam aviaqatnovni taʼminladi. Shu bilan birga, ichki reyslarga bo‘lgan barqaror talab ham saqlanib qoldi.

“Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, o‘sishga marshrutlar tarmog‘ini kengaytirish, parvozlar chastotasini oshirish va aholi hamda biznes segmentida sayohat faolligining ortishi asosiy omil bo‘ldi. Aviaqatnov geografiyasining kengayishi Toshkentning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi rolini mustahkamladi”, – deyiladi nashrda.

Nashr, shuningdek, “FIDEning yangilangan reytingida o‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar yuksalishga erishdi” sarlavhali maqolani o‘z o‘quvchilari eʼtiboriga taqdim etdi.

Unda yozilishicha, Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026 yil yanvar oyi uchun yangilangan reytingni eʼlon qildi. O‘zbekiston shaxmatchilari uchun eʼtiborli jihati, ayollar reytingida ushbu mamlakat terma jamoasi ilk bor Top-15 talikka ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.

“Kuni kecha Qatarda poyoniga yetgan rapid va blis bo‘yicha jahon chempionatida munosib ishtirok etgan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 12-o‘ringa ko‘tarilishga erishdi. Aytish lozim, mazkur reyting 10 nafar o‘zbek shaxmatchilarining o‘rtacha reytingi asosida tuzilgan. Jahon chempionatida kuchli sakkiztalikdan joy olgan Umida Omonova, Gulruhbegim Tohirjonova, Afruza Hamdamova kabi o‘zbekistonlik shaxmatchi qizlarning o‘ziga xos natijaga erishishi ko‘rsatkichlar yaxshilanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi”, – deyilgan manbada.

“World News” elektron nashri O‘zbekiston 2030-yilga qadar xorijiy turistlar sonini 20 millionga yetkazishni rejalashtirgani haqida ham yozdi.

Unda O‘zbekiston hukumati 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha rejalarni taqdim etgani xabar qilingan. Ushbu rejalar jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali platformasida eʼlon qilingan yangilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida mustahkamlangan.

“Hujjat keluvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, infratuzilmani rivojlantirish, madaniy va ko‘ngilochar dasturlarni joriy etish, shuningdek turistik xizmatlar eksportini oshirish orqali tashqi va ichki turizmni kompleks rivojlantirishni nazarda tutadi. Strategiyaga muvofiq, mamlakatdagi xorijiy turistlar soni 2026-yildagi 12 milliondan 2030-yilga kelib 20 millionga yetkazilishi lozim”, – deb urg‘ulangan maqolada.

Ichki turizm ham faol rivojlantiriladi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida 2026-yilda 24 million sayohat amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 2030-yilga kelib bu ko‘rsatkich 25 millionga yetadi.

“Ziyorat turizmiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda tashrif buyuruvchilar soni 2026-yildagi 2 milliondan 2030-yilga kelib 3 milliongacha oshiriladi”, – deyilgan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish