Logo

Ramazon oyi munosabati bilan Berlinda iftorlik dasturxoni yozildi

Mart 13, 2026. 10:30 • 4 daq

56
Ramazon oyi munosabati bilan Berlinda iftorlik dasturxoni yozildi

BERLIN, 13-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning elchixonasi tomonidan Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida iftorlik dasturxoni tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Vatandoshlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda Farg‘ona shahar “Xo‘jamberdiboy” masjidi imom xatibi Tursunzoda Husniddin domla va Andijon shahar “Bobotavakkul” masjidi noib imomi Muhammadjon qori Xo‘jayevlar qatnashishdi.

Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda GFRda yashab, ilm-fan yo‘nalishida tadqiqot olib borayotgan, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan qariyb 100 nafar vatandosh qatnashdi. Tadbir milliy va maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, shuningdek, fuqarolik masʼuliyati va vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirishga qaratildi.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni qutlov so‘zi bilan ochar ekan, elchi Dilshod Axatov Prezidentimiz rahnamoligida xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Diplomat o‘z nutqida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand qatlamlarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, barcha chet eldagi o‘zbekistonliklar davlatimiz eʼtiborida va himoyasida ekanligi, elchixona esa har doim har qanday masalada vatandoshlarni eshitish va qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini qayd etdi.

O‘zbekistondan kelgan imomlar o‘z maʼruzalarida Ramazon oyining maʼnaviy fazilatlari va yurtimizdagi diniy islohotlar haqida so‘z yuritdilar. Xususan, Muqaddas Ramazon oyi - mehr-oqibat, shukronalik va ehtiyojmandlarga ko‘mak berish orqali inson qadrini ulug‘lash vaqti ekani taʼkidlandi. Xususan, Islom dinidagi insonparvarlik, mehr-muruvvat, saxovat va shukronalik g‘oyalarini targ‘ib qilish masalalariga eʼtibor qaratildi. Bu o‘zgarishlar ajdodlar merosini o‘rganish va jamiyatda ahillikni mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Ular bugungi tahlikali notinch vaziyatda yoshlarning yana-da sergaklik va ogohlikka chaqirdilar. Muborak Ramazon oyi fayzi va barakasi har bir xonadonga kirib, qalblarga mehr-oqibat, bag‘rikenglik va shukronalik tuyg‘ularini ulashayotgani qayd etildi. Bu oy – nafaqat ibodat, balki inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, jamiyatda ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash oyi ekani aytib o‘tildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda diniy, maʼnaviy-maʼrifiy mavzularda berilgan savollarga atroflicha javob berildi. Shuningdek, diniy bag‘rikenglik va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Bundan tashqari, fuqarolarimiz elchixona diplomatlari bilan muloqot qilishdi. Unda o‘zlarini qiziqtirgan masalalarda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Konsullik masalalari bo‘yicha berilgan savollarga diplomatiya vakolatxona konsuli yetarlicha javob berib, yurtdoshlardan mezbon mamlakatning ichki va ayniqsa, migratsiya qonunchiligi talablariga qatʼiy rioya qilish lozimligi va elchixona fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishi, ularni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Tadbir so‘ngida vatandoshlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi. Tadbirga kelgan yurtdoshlarimiz o‘zaro suhbatlarda Ramazon oyi davomida O‘zbekiston hukumati va xalqining eʼtibori va g‘amxo‘rligini doimiy ravishda his etayotganlarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tadbir yakunida ayrim vatandoshlar tadbir haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.

“Davra” o‘zbek-olmon jamiyati raisi Anvar Shermatov:

- Men 26 yildan buyon Berlin shahrida istiqomat qilaman. Shu yerda taʼlim olganman va bugungi kunda turizm hamda xorijliklarga til o‘rgatish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanaman. Mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan iftorlik tadbiri biz, xorijdagi vatandoshlarda katta mamnuniyat uyg‘otdi. Vatanimizdan kelgan imomlar va yurtdoshlarimiz bilan bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, barchamiz uchun dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniga ega bo‘ldik. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari hamda tadbir tashkilotchilariga Yevropadagi vatandoshlar nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Kelgusida ham ana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar izchil davom etishiga umid qilib qolamiz.

Berlindagi boshlang‘ich sinflar maktabi o‘qituvchisi Alisher Qodirov:

- Elchixona tomonidan tashkil etilgan iftorlik menda juda iliq taassurot qoldirdi. Unda mamlakatimiz elchisi va imomlarning maʼruzalaridan O‘zbekistondagi islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va taʼlim masalalari xususida qiziqarli maʼlumotlar oldik. Bunday tadbirlar Vatan bilan maʼnaviy bog‘liqlikni yana-da mustahkamlaydi. Shuningdek, elchixonamiz tomonidan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, haq-huquqlarini himoya qilish va yoshlarni yana-da faol bo‘lishga undash borasida amalga oshirilayotgan ishlar biz uchun katta ruhiy tayanchdir. Buni har bir uchrashuvda chuqur his etamiz. Xorijda orttirgan bilim va tajribamni kelgusida yurtimiz ravnaqiga bag‘ishlashni istayman.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish