O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga puxta o‘ylangan integratsiya falsafasini taklif etmoqda

May 31, 2026. 09:10 • 10 daq

75
O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga puxta o‘ylangan integratsiya falsafasini taklif etmoqda

TOSHKENT, 31-may. /“Dunyo” AA/. Mintaqalararo hamkorlik uchun muhim voqea – Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi arafasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov “Dunyo” AA savollariga javob berdi.

– Akramjon Ilhomovich, yaqin kunlarda Termiz muloqoti doirasidagi ikkinchi yig‘ilishga start beriladi. Ushbu forumning kun tartibi qanday va unda qaysi masalalar ustuvor hisoblanadi? Aksariyat kuzatuvchilar bu jarayonda, avvalo, iqtisodiyotni – temiryo‘llar, energetika infratuzilmasi, tranzit savdosini ko‘rmoqda. O‘zaro bog‘liqlikning asosiy mohiyati shundan iboratmi?

– Shubhasiz, iqtisodiyot – asosiy tarkibiy qismlardan biridir. Iqtisodiy hamkorlik – bu davlatlarni bog‘laydigan real manfaatlar, o‘zaro foyda, xalqlarimiz farovonligi va yuksalishining poydevoridir. Albatta, transregional o‘zaro bog‘liqlik haqida so‘z yuritganimizda, logistika, savdo, transport yo‘laklari, energetika va infratuzilma bu jarayonning eng muhim asosini tashkil etadi.

Biroq o‘zaro bog‘liqlikning o‘zi faqatgina iqtisodiy hamkorlik bilan o‘lchanmaydi. Kun tartibimiz ancha keng, maqsadlarimiz esa bundan-da yuksakdir. Gap butun ulkan Yevroosiyo hududida yagona ishonch, barqaror taraqqiyot va ajralmas xavfsizlik makonini yaratish haqida bormoqda.

Shu sababli ham Termiz muloqotining kun tartibi juda keng, ishtirokchilari tarkibi esa inklyuziv xususiyatga ega. Bu yilgi uchrashuvimiz Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) bilan sheriklikda tashkil etilmoqda. Bu bejiz emas, albatta, zero OHICHKning asosiy vazifasi Osiyoda ishonch choralarini mustahkamlashdan iborat.

Muloqotda, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamda BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi ham faol qatnashmoqda. Garchi diqqat markazida geografik jihatdan Markaziy va Janubiy Osiyo turgan bo‘lsa-da, Yevroosiyo makonining barcha mamlakatlari, qolaversa undan tashqaridagi davlatlar ham muloqotimizning to‘laqonli ishtirokchilari va manfaatdor tomonlari hisoblanadi.

Buni Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qatar, Xitoy, Rossiya, Turkiya, AQSH, Shveysariya va boshqa davlatlardan tashrif buyurayotgan delegatsiyalar tarkibi yaqqol tasdiqlaydi. Bu yerda shuni alohida ta’kidlash joizki, Termiz muloqotining o‘zi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan global tashabbusining amaliy ifodasidir.

Mazkur strategik g‘oya xalqaro hamjamiyat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi hamda 2022-yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasida rasman mustahkamlab qo‘yildi. Ushbu rezolyutsiya transregional yaqinlashuv uchun uzoq muddatli xalqaro-huquqiy asos yaratib, uni barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biri sifatida e’tirof etdi.

Umuman olganda, mazkur qadam davlatimiz rahbarining o‘zaro manfaatdorlik, samimiy yaxshi qo‘shnichilik va preventiv tinchlikparvarlik tamoyillariga asoslangan davlatlararo munosabatlarni izchil shakllantirishga qaratilgan chuqur strategik yondashuvini yaqqol namoyon etadi.

Muloqotning hammualliflari orasida nufuzli tinchlikparvar tashkilotlar, siyosiy jamg‘armalar va yetakchi akademik doiralar ham bor. Ulardan bir nechtasini sanab o‘taman – bular Konrad Adenauyer jamg‘armasi, Bergxof jamg‘armasi (GFR), PisNeksus (Shveysariya), Search for Common Ground (AQSH) hamda nufuzli Jorjtaun universitetidir. Bizning umumiy vazifamiz keng qamrovli va ochiq muloqot uchun haqiqatan ham inklyuziv ko‘p tomonlama platforma yaratishdan iborat.

– Bo‘lajak muloqot dasturi qanday? U faqat rasmiy yalpi majlislar bilan cheklanadimi?

– Muloqotimiz keng ko‘lamli uch kunlik forum bo‘lib, uning dasturi an’anaviy yalpi majlislar doirasidan ancha keng. Biz chuqur nazariy munozarani amaliy natijalar bilan uyg‘unlashtirishga intilamiz. Asosiy sessiyalardan tashqari, dastur doirasida bir qator muhim qo‘shimcha tadbirlar rejalashtirilgan.

Xususan, tadbir doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik, Afg‘oniston–O‘zbekiston–Pokiston yo‘nalishida muloqotni yo‘lga qo‘yish, Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘ziga xoslik masalalari, shuningdek, tinchlikparvarlik va barqaror rivojlanish mavzusida yoshlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga bag‘ishlangan qator ekspert va akademik munozaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu muhokamalarning asosiy maqsadi konstruktiv hamkorlik kun tartibini ilgari surish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli mexanizmlarini shakllantirish uchun ekspert-tahliliy va intellektual salohiyatni ishga solishdan iborat.

Bundan tashqari, dasturda sayyor sessiyalar ham ko‘zda tutilgan. Muloqot ishtirokchilari Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika sohasidagi hamkorlikning zamonaviy infratuzilmasi, jumladan, “Ayritom” xalqaro savdo markazi va “Termiz Cargo Center" xalqaro logistika xabi faoliyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, ushbu qadimiy shaharning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida Termizga tashrif buyurishlari rejalashtirilgan.

Muloqotning uchinchi kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi, unda delegatlar tarixan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan Samarqand Renessansining noyob sivilizatsiyaviy merosi bilan tanishadi.

– Iqtisodiy o‘sish barqarorlik va xavfsizlik bilan qanday bog‘liq? Bu faqat biznes hisob-kitobimi yoki iqtisodiy loyihalar ortida kattaroq narsa bormi?

— Ha, albatta, buning zamirida bundan-da ulkanroq maqsadlar yotibdi. Gap uzoq muddatli, strategik umumiy manfaatlarni shakllantirish haqida ketmoqda. Yirik transchegaraviy loyihalar mintaqalarni mustahkam birlashtirishga, ularning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mamlakatlar iqtisodiy jihatdan birgalikdagi bunyodkorlik faoliyatiga bog‘langanida, ziddiyatga borish barcha tomonlar uchun manfaatsiz bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, aynan barqaror iqtisodiy o‘sish an’anaviy ravishda radikalizm va beqarorlikning asosiy yoqilg‘isi bo‘lgan qashshoqlik, ishsizlik, aholining marginallashuvi kabi vayronkor hodisalarning ijtimoiy asosini bartaraf etadi.

Iqtisodiy taraqqiyot – bu chaqiriqlarning oqibatlari bilan emas, balki ularning tub sabablari bilan kurashishdir. Masalan, Transafg‘on temir yo‘l koridori (“Termiz–Mozori–Sharif–Qobul–Naybobod–Xarlochi”) qurilishi loyihasini olaylik. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu Hind okeani portlariga eng qisqa chiqish yo‘li bo‘lib, logistika xarajatlarini 30–40 foizga kamaytiradi.

Pokiston va Janubiy Osiyo uchun bu mintaqamiz resurslari va bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishdir. U iqtisodiyotning turdosh tarmoqlarini rivojlantirish uchun kuchli turtki bo‘lib, yangi ish o‘rinlari, byudjet daromadlari va jadal texnologik rivojlanish yo‘liga kirish imkonini beradi.

Biroq eng asosiysi – bu yo‘lak Afg‘onistonni tinch va bunyodkor taraqqiyot jarayonlariga integratsiya qiladi. Shu tariqa, Transafg‘on magistrali shunchaki tijoriy yoki muhandislik loyihasi emas, balki afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatish uchun uzoq muddatli iqtisodiy rag‘batlar yaratadigan yuksak samarali tinchlikparvar vositadir.

CASA–1000 yoki TAPI gaz quvuri kabi boshqa yirik transchegaraviy loyihalar ham ayni shu tamoyil asosida ishlaydi. Ularning asosiy qiymati shundaki, ular mintaqada uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni saqlashda barcha tomonlarning ajralmas umumiy manfaatlarini shakllantiradi.

– Umumiy ekotizim va iqlim o‘zgarishi muammolari kun tartibida qanday rol o‘ynaydi? Zero, Markaziy va Janubiy Osiyo ekologik muammolar tufayli ulkan bosim ostida qolmoqda.

– Bu eng muhim va eng nozik masalalardan biridir. Aynan tabiat va umumiy ekologik tizimimiz mintaqalar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik hamda mavjud tahdidlarga jamoaviy javob berish zaruratini yaqqol namoyon etadi. Iqlim o‘zgarishlari suv, oziq-ovqat va energetik xavfsizlik, transport hamda insonlar hayot faoliyati bir-biri bilan naqadar chambarchas bog‘langanini ko‘rsatmoqda.

Pomir va Tyanshan muzliklarining erishi Markaziy hamda Janubiy Osiyoda suv ta’minoti va qishloq xo‘jaligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Qurg‘oqchilik va keskin ob-havo hodisalari barchamiz uchun umumiy sinovdir. Shu bois, bunday tahdidlarga faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali samarali javob qaytarish mumkin. Zero, ular yuz millionlab insonlarning hayotiy manfaatlari va barqaror taraqqiyot istiqbollariga bevosita daxldordir.

Shu bois muloqot kun tartibidan birgalikda moslashish va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalari o‘rin olgan. Ishonchimiz komilki, samarali yechimlar milliy chora-tadbirlar bilan yakkalanib qolishi mumkin emas, ular transchegaraviy xususiyatga ega bo‘lishi kerak.

Biz bu borada faol ish olib bormoqdamiz. Xususan, afg‘onistonlik hamkorlarimiz O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo tomonidan tashkil etilayotgan suv muloqotining doimiy ishtirokchilari hisoblanadi. Afg‘oniston delegatsiyalari “Toshkent suv haftaligi”da, suv diplomatiyasiga oid anjumanlarda va boshqa mintaqaviy ekologik forumlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Suv resurslarini birgalikda boshqarish borasida o‘zaro maqbul va adolatli yechimlarni doimiy izlash ishlari davom etyapti, zero, tabiat siyosiy chegaralarni tan olmaydi. Bugun biz potensial ziddiyat manbai bo‘lishi mumkin bo‘lgan masalalarda ham, to‘g‘ri yondashuv bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun zamin yaratilayotganini ko‘rib turibmiz. Ekologik tahdidlarning umumiyligini anglab yetish birgalikdagi bunyodkorlik faoliyatimizning qudratli harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.

– Ushbu keng ko‘lamli transmintaqaviy tuzilmada madaniyat va gumanitar o‘lchov qanday o‘rin tutadi? Ular qanchalik muhim?

– Men shunday javob bergan bo‘lardim: bu bizning asosiy, fundamental yo‘nalishimizdir. Biz suhbatimizni iqtisodiyot, infratuzilma va iqlimdan boshlagan bo‘lsak-da, madaniy-gumanitar o‘zaro bog‘liqlikni birinchi o‘ringa qo‘yish kerakligiga ishonaman. Iqtisodiyot va logistika – bu skelet, ammo madaniyat va umumiy tarixiy xotira – bu integratsiyamizning ruhi va yuragidir. Mamlakatlarimiz mushtarak madaniy-tarixiy va sivilizatsion rivojlanish makoniga ega ekanini anglash muhim.

Biz ishonch ko‘priklarini shunchaki qurmayapmiz, bu poydevor asrlar davomida shakllanib kelgan. Termiz muloqoti ming yillar davomida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida sivilizatsiyalaro almashinuv darvozasi bo‘lib xizmat qilgan qadimiy Termiz shahri sharafiga nomlangan.

Bu zaminda buyuk imperiyalarning taqdirlari va davlatchilik an’analari o‘zaro chambarchas tutashgan. Sug‘diyona, qadimgi Baqtriya va Ahamoniylar davlatidan boshlangan ushbu tarixiy jarayon Sharq va ellin madaniyatining noyob uyg‘unligi shakllangan Yunon-Baqtriya podsholigi davrida yangi bosqichga ko‘tarildi. Keyinchalik Kushon imperiyasi dunyoga ilk bor keng qamrovli mintaqalararo integratsiya namunasini taqdim etdi va Termizni Buyuk ipak yo‘lining muhim tugunlaridan biriga aylantirdi.

O‘rta asrlarda Turk xoqonliklari transevrosiyo savdo yo‘llari xavfsizligining ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, G‘aznaviylar sulolasi Movarounnahrning yuksak madaniyatini Hindiston tekisliklari bilan bog‘lagan qudratli davlatchilik ko‘prig‘ini yaratdi. Nihoyat, Temuriylar davri hamda Bobur asos solgan Boburiylar imperiyasi ushbu sivilizatsion uyg‘unlikning eng yuksak cho‘qqisiga aylandi.

Samarqand va Buxoroning betakror me’moriy an’analari Dehli, Agra va Lohurdagi ulug‘vor me’moriy majmualarda o‘z aksini topdi. Eski o‘zbek, fors va sanskrit tillari tutashuvida esa yagona madaniy qatlam shakllanib, uning musiqiy va she’riy an’analari bugungi kunda ham xalqlarimizning ma’naviy xotirasida yashab kelmoqda.

Ushbu makrohudud asrlar davomida jahon dinlarining muqaddas chorrahasi sifatida rivojlangan. Baqtriya zardushtiylik beshigi bo‘lgan. Bu yerdan Afg‘oniston orqali shimol va sharqqa buddaviylik tarqalgan – Termizdagi Fayoztepa va Qoratepa budda monastirlari hozirgacha ushbu ma’naviy ko‘prik xotirasini saqlab kelmoqda.

Bu yerda nestorianlik yo‘nalishidagi xristianlik, inson va tabiat uyg‘unligining teran ekologik falsafasiga ega bo‘lgan tangrichilik hamda, albatta, diniy bag‘rikenglikning ulug‘ merosini o‘ziga singdirib, Sharq Renessansi hodisasini yuzaga keltirgan islom dini tinch-totuv yashab kelgan.

Bularning barchasi mutlaqo noyob va hayotiy madaniy muhitni shakllantirdi. Bu meros yo‘qolib ketgani yo‘q, aksincha, u bugungi kunda ham kundalik faoliyatimizda, tafakkurimizda va an’analarimizda yashab kelmoqda. Biroq bunday meros o‘z-o‘zidan saqlanib qolmaydi – uni doimiy ravishda qayta tiklab, mazmunan boyitib borish zarur.

Tarix – bu uzluksiz davom etadigan xotira va tafakkur jarayonidir. Bizning eng muhim vazifamiz esa ana shu buyuk tarixiy haqiqatni faol jamoatchilik ongiga qaytarishdan iborat. Men chuqur ishonamanki, mana shu mushtaraklikni anglash xalqlarimizning tinchlik va barqarorlikni asrash borasidagi o‘zaro mas’uliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

– Lekin nega bugun bu meros unutilgandek tuyuladi?

– Afsuski, so‘nggi bir yarim asr davomida bu tarixiy xotira ongli ravishda ongimizdan o‘chirib tashlandi. Bizga sun’iy ravishda “Katta o‘yin”ning destruktiv mustamlakachilik stereotipi tiqishtirildi, mintaqalarimiz abadiy tarqoqlik, tashqi kuchlarning geosiyosiy raqobati va cheksiz mojarolarga mahkum ekanligi haqidagi yolg‘on afsona singdirildi.

Biz hamon ko‘p jihatdan ana shu zararli stereotip ta’sirida yashab kelmoqdamiz, Afg‘onistonni faqat tahdid nuqtayi nazaridan, Janubiy Osiyoni esa uzoq, begona va xavfli deb qabul qilmoqdamiz. Biroq biz nursiz vayronalar ustida turganimiz yo‘q. Umumiy tariximiz barhayot.

Ushbu tarixiy xotirani jonlantirish, chuqur ekspertlar muhokamasini yo‘lga qo‘yish, mushtarak sivilizatsiyaviy buyukligimizni odamlar ongiga qaytarish – bugungi avlodlar va siyosiy elitalar zimmasiga yuklatilgan ulkan tarixiy mas’uliyatdir. Termiz muloqotining asosiy, ekzistensial maqsadlaridan biri ham aynan shunda.

Toshkent, Dehli, Islomobod yoki Qobuldagi fuqarolar, ziyolilar va yetakchilar bir-birlarini shunchaki biznes hamkorlari emas, balki yagona madaniy kodning merosxo‘rlari sifatida aniq ko‘ra boshlaganlarida, mutlaqo boshqacha darajadagi ishonch paydo bo‘ladi. Umumiy merosga daxldorlik tuyg‘usi tashqi o‘yinchilarning vaziyatni tashqaridan silkitish va mintaqaviy ziddiyatlardan foydalanishga bo‘lgan har qanday urinishlariga qarshi eng ishonchli ichki qalqon bo‘ladi.

Taqdirimizning bo‘linmasligini anglash xalqlarni muqobilsiz bunyodkor kun tartibini tanlashga va urushlardan butunlay voz kechishga majbur qiladi. Termiz muloqotining Toshkent bosqichi arafasida O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga tubdan boshqacha, chuqur anglangan integratsiya falsafasini taklif etayotgani ayon bo‘lmoqda. Bu shunchaki temiryo‘llar qurish yoki elektr uzatish tarmoqlarini tortishga qaratilgan texnokratik yondashuv emas.

Bu – jismoniy infratuzilma umumiy tarixning mustahkam va ko‘rinmas rishtalarining moddiy ifodasi, degan ta’limotdir. Ana shu fundamental mas’uliyat va daxldorlik tuyg‘usi shakllansa, savdo tranzitlari, investitsiyalar va iqlim loyihalari ham tabiiy va uzluksiz ishlay boshlaydi, chunki iqtisodiyot o‘zaro sivilizatsion tortishuvning mantiqiy davomiga aylanadi.

Termiz muloqoti Osiyo xalqlariga o‘z tarixini qaytarib, bu muqaddas zaminda tinchlik va barqarorlikni saqlash nima uchun muhim ekanini hamda qanday buyuk kelajak yo‘lida buning zarurligini yodga soladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish