Jizzax viloyatining investitsiyaviy, eksport va turizm salohiyati xalqaro hamjamiyat e’tiborida
Noyabr 06, 2026. 14:00 • 2 daq
• 162JIZZAX, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Jizzax viloyati hokimiyatida hududning investitsiyaviy, eksport va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish hamda xorijiy hamkorlar bilan amaliy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi. Ishtirokchilar viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari, mavjud salohiyati va istiqbolli loyihalari bilan tanishtirildi.
Uchrashuvda viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev nutq so‘zlab, so‘nggi yillarda Jizzax viloyatida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sezilarli o‘sish kuzatilayotganini ta’kidladi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 53 trillion so‘mga yetgan bo‘lsa, o‘tgan yilda hududga 1,4 milliard dollar investitsiya jalb qilindi.
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida yalpi hududiy mahsulot 10 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Eksport hajmi 183 million dollarni tashkil etdi.
Viloyatning asosiy iqtisodiy drayverlari qatorida sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalari alohida o‘rin tutadi.
Jizzax erkin iqtisodiy zonasidagi faoliyat, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatning qulay geografik joylashuvi, tabiiy resurslari, mehnat salohiyati va infratuzilmasi yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Ayniqsa, turizm va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat tarmoqlarini rivojlantirish borasida katta istiqbollar mavjud.
Davra suhbati davomida xorijiy diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Xususan, Ruminiya, Belarus, Misr, Malayziya, Slovakiya, Belgiya kabi davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari Jizzax viloyatidagi istiqbolli loyihalarni o‘z mamlakatlarida targ‘ib qilish, ishbilarmon doiralar, investitsiya jamg‘armalari va yirik kompaniyalarni hududga jalb etish yuzasidan hamkorlik takliflarini ilgari surdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




