Xorijiy diplomatlar Jizzax viloyatining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bilan tanishmoqda
Noyabr 06, 2026. 12:30 • 2 daq
• 154JIZZAX, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. 6–7-noyabr kunlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarining Jizzax viloyatiga tashrifi tashkil etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – viloyatning iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, eksport va turizm salohiyatini xalqaro hamjamiyat vakillariga keng tanishtirish, yangi hamkorlik aloqalari va investitsiyaviy loyihalarni rivojlantirishdan iborat.
Tadbirda Xitoy, Buyuk Britaniya, Tursiya, Xindiston, Pokiston, Polsha, Bolgariya, Belarus, Belgiya, Latviya, Malayziya, Misr, Ruminiya, Slovakiya, Falastin, Jazoyir, Turkmaniston va boshqa davlatlar elchixonalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat xorijiy mehmonlar ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar Jizzax viloyatida tantanali kutib olindi. Dastur doirasida mehmonlar Jizzaxdagi “Master Building” MCHJning “VERO” brendi ostida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonasi, “BYD Uzbekistan Factory” MCHJ QK, “BMB-NRC agrologistics” MCHJ QK hamda “ADM Jizzakh” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Shuningdek, Aydar-Arnasoy ko‘llari hududidagi turizm majmuasiga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Tashrif davomida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning xorijiy diplomatik korpus vakillari bilan uchrashuvi, hududning investitsiya, eksport va turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkaziladi.
Mazkur tashrif Jizzax viloyatining iqtisodiy salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



