Germaniyada O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan yangi jurnal chop etildi
Yanvar 31, 2026. 10:00 • 3 daq
• 107
BERLIN, 31-yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniyada mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan “UZBEKISTAN - invest now” jurnalining ilk soni nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Germaniyalik ishbilarmon doiralar uchun nemis tilida chiqarilgan jurnal O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi (AHK Zentralasien), Germaniya sanoat va savdo palatasi (GIC Uzbekistan - German Industry and Commerce) va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi (Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft) bilan hamkorlikda tayyorlandi. Mutaxassislar ushbu rangli jurnalni nemis ishbilarmon doiralari uchun o‘ziga xos maʼlumot manbai bo‘lib xizmat qilishini taʼkidladi.
Nashrda germaniyalik va mamlakatimiz soha ekspertlari tomonidan O‘zbekistondagi tizimli islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlik va nemis investorlari uchun yaratilgan imkoniyatlar tahliliy jihatdan ochib berilgan.
Jurnalning kirish qismida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatovning maqolasi o‘rin olgan. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2017-yildan buyon amalga oshirilayotgan keng qamrovli tub islohotlar natijasida erishilayotgan yutuqlar va egallangan marralarga oid bildirilgan fikrlar tegishli ko‘rsatkichlar va qiyosiy tahlil shaklida keltirilgan.
Elchining yozishicha, bugungi kunda Germaniyaning “MAN Truck & Bus SE”, “Volkswagen Group”, “Claas KGaA mbH”, “Knauf” kabi nemis kapitali ishtirokidagi kompaniyalar O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Eduard Kinsbruner va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi departamenti direktori Vladimir Nikitenko o‘z maqolalarida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini taʼkidlashgan.
Kinsbrunerning qayd etishicha, uzviy siyosiy muloqot, mamlakat iqtisodiyotining bosqichma-bosqich ochilishi va investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nemis tadbirkorlari ishonchini qozondi. Germaniya iqtisodiyotining muhim qatlami bo‘lgan kichik va o‘rta biznes (“Mittelstand”) vakillari O‘zbekiston bozoriga bugun nafaqat sarmoya, balki yuqori texnologiyalar, noyob boshqaruv tajribasi va zamonaviy kasbiy taʼlim standartlarini ham olib kirmoqda.
2025-yil O‘zbekiston-Germaniya iqtisodiy hamkorligi uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. Sanoat, mashinasozlik va texnologiyalar, kimyo, qurilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida qator yangi loyihalar tashkil etildi.
“2025-yil bahorda ishga tushirilgan “German Invesment Navigator” raqamli platforma hamkorlikni yana-da faollashtirdi. Platforma O‘zbekistondagi nemis kapitali ishtirokidagi loyihalar, ularning amalga oshish jarayoni haqida maʼlumot beradi va mavjud qiyinchiliklarni bartaraf etish, loyihalarni tezlashtirish va o‘z vaqtida amalga oshishiga xizmat qiladi”, deydi Vladimir Nikitenko.
Germaniya sanoat va savdo palatasi (GIC) boshqaruvchisi Malika Akramova bergan intervyuda sanoatning tog‘-kon, kimyo, to‘qimachilik va trikotaj, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish, energiya sohalarida mavjud yuqori hamkorkorlik salohiyati haqida to‘xtalib o‘tgan.
“UZBEKISTAN - invest now” jurnalining tahliliy mazmuni shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar savdo-iqtisodiy aloqalar bilan cheklanib qolmay, balki keng qamrovli, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli strategik hamkorlikka aylanib bormoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
