SMTI “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat” nomli tahliliy maʼruzasini taqdim etdi

Avgust 26, 2026. 16:00 • 8 daq

97
SMTI “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat” nomli tahliliy maʼruzasini taqdim etdi
SMTI “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat” nomli tahliliy maʼruzasini taqdim etdi
SMTI “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat” nomli tahliliy maʼruzasini taqdim etdi
SMTI “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat” nomli tahliliy maʼruzasini taqdim etdi
SMTI “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat” nomli tahliliy maʼruzasini taqdim etdi
SMTI “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat” nomli tahliliy maʼruzasini taqdim etdi

TOSHKENT, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. Davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat: tashqi siyosiy transformatsiya, mintaqaviy masʼuliyat va xalqaro subyektlilik” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muhokamada asosiy eʼtibor SMTI mualliflar jamoasi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat” nomli tahliliy tadqiqotga qaratildi. Unda mamlakat tashqi siyosiy kursining evolyutsiyasi hamda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda ro‘y bergan sifat o‘zgarishlari tahlil qilingan.

Muhokamada davlat organlari, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari vakillari, shuningdek, xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat sohasidagi olim hamda mutaxassislar ishtirok etdi.

Seminarni ochar ekan, SMTI direktori Eldor Aripov O‘zbekiston mustaqillikning 35 yili davomida xalqaro munosabatlarning mustaqil va masʼuliyatli subyekti sifatida shakllanganini, o‘zining tashqi siyosiy maktabi va milliy manfaatlarni ilgari surish madaniyatini shakllantirganini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, aynan so‘nggi o‘n yillikda mamlakat tashqi siyosati sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Suverenitet, ichki ishlarga aralashmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, pragmatizm va o‘zaro manfaatdorlik kabi asosiy tamoyillar saqlab qolingan holda, tashqi siyosat yana-da ochiq va tashabbuskor tus oldi hamda qulay tashqi muhitni shakllantirishga yo‘naltirildi.

Eldor Aripovning qayd etishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston siyosatida zamonaviy o‘rta darajadagi davlat alomatlarini tobora ko‘proq eʼtirof etayotgan xorijiy akademik va ekspert doiralarining baholari munozaralarga sabab bo‘lgan. Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining vazifasi ushbu tahliliy yondashuv ro‘y bergan o‘zgarishlarni qay darajada aks ettirishini chuqur tahlil qilishdan iborat edi.

Seminar ishtirokchilari ko‘p markazlilik, strategik raqobatning kuchayishi va xalqaro tizimning parchalanishi sharoitida o‘rta darajadagi davlatlar fenomeniga qiziqish tabiiy ravishda ortib borayotganini taʼkidladilar. Bunday sharoitda mustaqil yo‘l tutishga, turli kuch markazlari bilan konstruktiv munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga va umumiy muammolarning amaliy yechimlarini topishga ko‘maklashishga qodir bo‘lgan davlatlarga alohida ehtiyoj sezilmoqda.

Aynan shu nuqtayi nazardan, xorijiy ilmiy va ekspert doiralari O‘zbekistonni tobora ko‘proq shakllanib borayotgan o‘rta darajadagi davlat sifatida baholamoqda.

Tahliliy tadqiqotni taqdim etar ekan, SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov zamonaviy xalqaro amaliyotda o‘rta darajadagi davlat maqomi o‘sha davlatning ko‘lami bilan emas, balki uning mavjud salohiyatini mustaqil va tashabbuskor tashqi siyosatga, mintaqaviy masʼuliyatga hamda xalqaro miqyosdagi amaliy natijalarga aylantira olish qobiliyati bilan belgilanishini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan tahlil bugungi kunda O‘zbekistonda ushbu xususiyatlar tobora yaqqol namoyon bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Birinchidan, bu – tashqi siyosatning mustaqilligi va pragmatik xususiyatidir. Toshkent Rossiya, Xitoy, AQSH, YEI, Turkiya, Ko‘rfaz mamlakatlari, Janubiy Osiyo davlatlari, Yaponiya, Koreya Respublikasi va boshqa sheriklar bilan konstruktiv munosabatlarni izchil rivojlantirmoqda. Bunda gap barcha tomonlardan teng masofa saqlash siyosati haqida emas, balki strategik tanlov imkoniyatlarini kengaytirish hamda yirik kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik mantig‘iga qo‘shilmaslikka intilish haqida bormoqda.

Ikkinchidan, bu tashabbuskor diplomatiya. Taqdimotda taʼkidlanganidek, O‘zbekiston nafaqat allaqachon shakllangan xalqaro kun tartibida tobora ko‘proq ishtirok etmoqda, balki Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, transport o‘zaro bog‘liqligi, iqlim, Orolbo‘yi, dinlararo muloqot, yoshlar va barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘z mavzu va mexanizmlarini ham taklif etmoqda. 2026-yil avgustiga qadar BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 15 ta maxsus rezolyutsiyani qabul qildi. Akramjon Neʼmatovning taʼkidlashicha, o‘rta darajadagi davlat uchun tashabbusni ilgari surishning o‘zi emas, balki uning atrofida turli manfaatlarga ega davlatlarni birlashtirish va taklifni amaliy xalqaro yechimga yetkazish qobiliyati muhimdir.

Uchinchidan, tashqi siyosiy faollik mamlakatning tobora ortib borayotgan ichki salohiyatiga – iqtisodiy taraqqiyot surʼatlari, Markaziy Osiyodagi eng katta demografik salohiyat, qulay geografik joylashuv, inson kapitali, boy tabiiy resurslar va xomashyo bazasi hamda kengayib borayotgan transport bog‘liqligiga tayanadi. Ishtirokchilar siyosiy-diplomatik imkoniyatlar va iqtisodiy barqarorlikning uyg‘unligi strategik mustaqillik uchun mustahkam zamin yaratib, mamlakatning sheriklar, bozorlar, transport yo‘nalishlari va texnologiyalarni tanlash imkoniyatlarini kengaytirishini qayd etdilar.

Taqdim etilgan yondashuvni baholar ekan, O‘zbekiston TIV JIDU Diplomatik akademiyasi direktori, professor Abdusamat Haydarov tashqi siyosiy yo‘nalishdagi izchillik va vorisiylikning muhimligiga eʼtibor qaratdi. Uning fikricha, so‘nggi yillarda yuz bergan sifat o‘zgarishlari o‘zbek diplomatiyasining asosiy tamoyillarini bekor qilgani yo‘q, aksincha, ularning yana-da faol namoyon bo‘lishiga xizmat qildi. Qarorlar qabul qilishdagi mustaqillik, pragmatizm, siyosatning prognoz qilish mumkin bo‘lgan xususiyati hamda turli kuch markazlari bilan muloqotni davom ettirish qobiliyatining uyg‘unligi davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlab, uning diplomatik imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Muhokamada Markaziy Osiyo masalasi alohida o‘rin egalladi. Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o‘rinbosari Sherzod Fayziyev taʼkidlaganidek, har qanday o‘rta darajadagi davlatning yetukligi, eng avvalo, o‘zi joylashgan mintaqada jiddiy sinovdan o‘tadi. Aynan shu makonda davlatning siyosiy va iqtisodiy salohiyati qo‘shnilarga bosim o‘tkazish vositasiga emas, balki o‘zaro ishonch, barqarorlik va umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi neʼmatlarga aylana olishi namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston misolida bu yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, chegara masalalarini tartibga solish, transport aloqalarini tiklash, savdo hajmini oshirish, suv va energetika masalalari bo‘yicha murosali yechimlarni izlash, shuningdek, mintaqaviy muloqotning o‘ziga xos mexanizmlarini rivojlantirishda o‘z ifodasini topmoqda.

Shu bilan birga, ishtirokchilar O‘zbekiston rolining faollashuvini Markaziy Osiyoda taʼsir doiralarining qayta taqsimlanishi sifatida emas, balki mintaqaning umumiy xalqaro subyektliligi yuksalishining tarkibiy qismlaridan biri sifatida baholash lozimligini alohida taʼkidladilar.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tobora tashabbuskor tashqi siyosat yuritib, umummintaqaviy manfaatlarni birgalikda ilgari surmoqda. Har bir davlatning kuchayishi butun mintaqaning barqarorligi va xalqaro salmog‘ini oshirishga xizmat qiladigan umumiy masʼuliyat makoni shakllanmoqda.

Muhokamalar davomida qayd etilganidek, faol tashabbuskorlik va masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorlik bugungi kunda butun mintaqaga xos xususiyatga aylanmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat mintaqa ichidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda, balki uning doirasidan tashqarida ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘z tashabbuslarini ilgari surib, kengroq xalqaro kun tartibini shakllantirishda tobora faol ishtirok etmoqda. Har bir davlat xalqaro taʼsirning o‘ziga xos yo‘nalishini shakllantirmoqda, ularning mushtarak saʼy-harakatlari esa butun mintaqaning xalqaro subyektliligini kuchaytirmoqda.

Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti Afg‘oniston va Janubiy Osiyoni tadqiq etish markazi direktori, fan doktori Ravshan Alimov aynan mintaqaviy jipslashuv Markaziy Osiyo uchun yangi tashqi siyosiy imkoniyatlar yaratayotganini taʼkidladi. Uning baholashicha, tarqoq hamkorlikdan pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga o‘tish mintaqaga yirik tashqi sheriklar bilan munosabatlarda mustaqil subyekt sifatida faolroq ishtirok etish, Janubiy Osiyo bilan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish hamda o‘zining markaziy geografik o‘rnini amaliy taraqqiyot resursiga aylantirish imkonini bermoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning muloqot, transport yo‘laklari va iqtisodiy integratsiyaga doir tashabbuslari nafaqat milliy manfaatlarga, balki Markaziy Osiyoning umumiy xalqaro salmog‘ini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Ravshan Alimovnining fikricha, mintaqadagi ayrim davlatlar xalqaro rolining kuchayishi siyosiy yetakchilik uchun raqobatga olib kelmayotgani prinsipial ahamiyatga ega. Aksincha, bir davlatning xalqaro yutuqlari butun Markaziy Osiyoning imkoniyatlarini kengaytiradigan, uning muzokaralardagi mavqeyini mustahkamlaydigan hamda mintaqani yana-da barqaror va talab yuqori bo‘lgan sherikka aylantiradigan model shakllanmoqda.

Ishtirokchilar BMT Bosh Assambleyasining 2026-yil 20-mayda qabul qilgan qarorlarini ana shunday yangi subyektlilikning yorqin namunasi sifatida qayd etdilar. O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyoning besh davlati nomidan taqdim etilgan “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” rezolyutsiyasiga 66 ta davlat hammuallif bo‘ldi. Shu kuni Qirg‘iziston tomonidan Tojikiston va O‘zbekiston bilan birgalikda ilgari surilgan “Chegara nizolarini tinch yo‘l bilan hal etish” rezolyutsiyasi ham qabul qilindi. Ushbu hujjatga 40 ta davlat hammualliflik qildi. Ishtirokchilarning fikricha, birinchi tashabbus mintaqaning mushtarak taraqqiyot kun tartibini shakllantirish salohiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchisi murakkab masalalarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi o‘z tajribasini xalqaro miqyosda talab yuqori bo‘lgan yondashuvga aylantirish qobiliyatini namoyon etadi.

Markaziy Osiyo davlatlarining o‘z mintaqaviy tajribasini BMT minbariga birgalikda olib chiqayotgani va uning atrofida keng koalitsiyalar shakllantirayotgani mintaqaning xalqaro rolida sifat jihatidan o‘zgarish yuz berganidan dalolat beradi. Markaziy Osiyo endilikda tashqi kun tartibiga moslashish bilan cheklanmay, uni shakllantirishda ham tobora faol ishtirok etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning shakllanib borayotgan o‘rta darajadagi davlat sifatida eʼtirof etilishi ayni paytda butun Markaziy Osiyoning xalqaro salmog‘i ortib borayotganining muhim ko‘rinishlaridan biridir.

Muhokamalarda global miqyosdagi masʼuliyat masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilarning baholashicha, O‘zbekistonning xalqaro taʼsiri ikki asosiy yo‘nalishda – xalqaro kun tartibini shakllantirish hamda muloqot uchun maydon taqdim etish qobiliyatida tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona va Termiz shaharlarida yirik ko‘p tomonlama tadbirlar o‘tkazilmoqda. Orolbo‘yi, iqlim, transport bog‘liqligi, diniy bag‘rikenglik va barqaror rivojlanishga doir milliy hamda mintaqaviy tashabbuslar esa BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ishtirokchilar O‘zbekiston tashqi siyosiy yo‘nalishining muhim xususiyati ajratishga emas, balki birlashtirishga, strategik mustaqillik va yaxshi qo‘shnichilikni saqlashga, shuningdek, turli kuch markazlari bilan hamkorlik uchun ochiq bo‘lishga intilishdan iborat ekanini taʼkidladilar. Bu mamlakatga nafaqat barqaror tashqi muhit yaratadigan imkoniyatlardan foydalanish, balki uni shakllantirishga munosib hissa qo‘shish imkonini ham bermoqda.

Muhokamalarni yakunlar ekan, Eldor Aripov masʼuliyatli o‘rta darajadagi davlat konsepsiyasini unvon yoki imtiyoz sifatida emas, eng avvalo, masʼuliyatning yana-da yuqori mezoni sifatida qabul qilish lozimligini taʼkidladi. Davlat imkoniyatlarining kengayishi diplomatiya sifati, iqtisodiy va texnologik barqarorlik, inson kapitalini rivojlantirish, o‘z majburiyatlarini bajarish hamda mamlakat joylashgan mintaqa va xalqaro hamjamiyat uchun amaliy natijalar yaratish qobiliyatiga nisbatan talablarning oshishini muqarrar ravishda taqozo etadi.

Ishtirokchilar taqdim etilgan tahliliy tadqiqot O‘zbekistonning maqomiga oid yakuniy xulosa emas, balki bu boradagi professional munozaralar uchun asos yaratishiga yakdil fikr bildirdilar. Shu bilan birga, xalqaro baholar majmui, tashqi siyosiy faoliyatdagi sifat o‘zgarishlari, mintaqaviy masʼuliyatning mustahkamlanishi va xalqaro tashabbuskorlikning kengayishi muhim bir tendensiyadan dalolat bermoqda: O‘zbekiston ajratishga emas, birlashtirishga, keskinlikni kuchaytirishga emas, barqarorlikni taʼminlashga, o‘zaro ishonchni qaror toptirish hamda manfaatli hamkorlik uchun qulay makon yaratishga intiluvchi davlat modelini tobora yaqqol namoyon etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish