Rigadan munosabat: O‘zbekiston va Ozarbayjon mintaqalararo yangi transport-logistika aloqalarini tobora kengaytirmoqda

Avgust 26, 2026. 16:30 • 3 daq

62
Rigadan munosabat: O‘zbekiston va Ozarbayjon mintaqalararo yangi transport-logistika aloqalarini tobora kengaytirmoqda

RIGA, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. Latviya Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti direktori Nina Linde “Dunyo” AAga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning joriy yil 23–24-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etib, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi.

Bugungi kunda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu munosabatlar o‘zaro ishonch, tarixiy yaqinlik va barqaror iqtisodiy taraqqiyotdan umumiy manfaatdorlikka asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhi bilan ajralib turadi. Prezident Ilhom Aliyevning bu galgi tashrifi ushbu hamkorlik naqadar izchil va jadal rivojlanayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Muzokaralarning muhim natijasi – ikki davlat munosabatlariga uzoq muddatli va strategik asos bag‘ishlaydigan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi esa erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning samarali mexanizmi shakllanayotganidan dalolat beradi.

Tashrifning iqtisodiy jihati alohida ahamiyatga molik. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini bir milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish hamda energetika, geologiya, kimyo sanoati, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirish vazifasini qo‘ydi. Bu Boku va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy ittifoq tobora aniq iqtisodiy mazmun bilan boyib borayotganini ko‘rsatadi.

Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish alohida istiqbolga ega. Transkaspiy yo‘nalishini birgalikda ilgari surish va O‘rta koridor samaradorligini oshirish Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning o‘zaro bog‘liqligini sezilarli darajada mustahkamlaydi. Mintaqa davlatlarining xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish esa Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga qo‘shimcha turtki beradi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon mintaqalar o‘rtasida yangi transport-logistika aloqalarini shakllantirish uchun ulkan imkoniyatlarga ega. Ularning bu sohadagi hamkorligi nafaqat ikki tomonlama manfaatlarga, balki butun Yevroosiyo makonining iqtisodiy o‘zaro bog‘liqligi va barqaror rivojlanishiga doir vazifalarga ham javob beradi.

Taʼlim, madaniyat, ilm-fan, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ikki mamlakat xalqlarini yana-da yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika universitetining yangi binosi ochilishi va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘i loyihasining ishga tushirilishi gumanitar aloqalar kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga bu galgi tashrifi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi va uzoq istiqbolda mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil iqtisodiy taraqqiyotni mustahkamlashning muhim omillaridan biriga aylanishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish