Masayosi Fudzimoto: So‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun keng muloqot maydoni shakllandi

Avgust 26, 2026. 15:30 • 4 daq

20
Masayosi Fudzimoto: So‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun keng muloqot maydoni shakllandi

TOKIO, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning “Sojitz” korporatsiyasi Direktorlar kengashi raisi va bosh direktori Masayosi Fudzimoto mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berib, O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Bu yil yurtimizda mustaqillikning 35 yilligi hamda Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar boshlanganining 10 yilligi nishonlanmoqda. Ko‘p vaqtdan buyon mamlakatimizdagi o‘zgarishlarni kuzatib kelayotgan kishi sifatida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni qanday baholaysiz?

– Darhaqiqat, so‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, mamlakat taraqqiyoti izchil yuksalib borayapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda iqtisodiyotni erkinlashtirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash ishlari jadal surʼatda olib borilmoqda. Bunday saʼy-harakatlar natijasida O‘zbekiston mintaqadagi eng jozibador mamlakatlardan biriga aylandi.

O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurganimda nafaqat infratuzilma va shaharlar rivoji, balki yosh avlodning g‘ayrati va shijoati ham menda katta taassurot qoldirgan.

Ayniqsa, hukumatning islohotlarni boshlashi va ularni o‘z vaqtida yakuniga yetkazishi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘ylaymanki, aynan shu izchillik va amaliy natijaga yo‘naltirilgan yondashuv ko‘plab xorijiy kompaniyalarning ishonchini qozonmoqda.

– “Sojitz” korporatsiyasining O‘zbekiston bilan hamkorligi ko‘p yillik tarixga ega va keng ko‘lamli sohalarni qamrab oladi. Ushbu sheriklik va qo‘shma loyihalar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Korporatsiyamiz va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar 1990-yillarda boshlangan. O‘z vaqtida biz “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakat energetikasi rivojiga hissa qo‘shgan “Ko‘kdumaloq neft-gaz kondensati konini o‘zlashtirish”, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini qurish” kabi loyihalarni amalga oshirganmiz. Shu bilan birga, Sirdaryo IES qurilishi loyihasini amalga oshirishda ham faol ishtirok etdik.

2024-yilda Toshkent shahrida kompaniyamiz vakolatxonasi ochildi. O‘sha yili O‘zbekiston hukumati bilan strategik “Yo‘l xaritasi”ni imzoladik. Bu energetika, sog‘liqni saqlash va transport kabi keng ko‘lamli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bitim bo‘lib, kelgusidagi yaqin aloqalarimiz uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

– O‘zbekiston Prezidenti bilan shaxsan uchrashish sharafiga muyassar bo‘lgansiz. Davlat rahbari bilan uchrashuv Sizda qanday taassurot qoldirgan?

– O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish men uchun katta sharaf bo‘lgan. Menda katta taassurot qoldirgan jihat – bu u kishining O‘zbekiston kelajagi haqida juda keng tasavvurga ega ekanidir.

Mamlakatingizda davlat rahbarining taklif va tashabbuslari asosida yurt taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan energetika, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasi, kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlar birgalikda ko‘rib chiqilayotgani, bu ishlarning umumiy natijasi butun xalq tomonidan birdek qabul qilinayotgani quvonarli holatdir.

Prezidentingiz xorijiy kompaniyalarga shunchaki sarmoyador sifatida emas, balki O‘zbekistonning uzoq muddatli hamkorlari sifatida qaraydi. Bunday yondashuv biz ishbilarmonlarda katta ishonch uyg‘otadi.

– O‘zbekistondagi ulkan islohotlar “Sojitz” kabi yirik kompaniyalarga qay darajada taʼsir ko‘rsatyapti?

– O‘zbekistonda investitsiya muhiti sezilarli darajada yaxshilandi. Elektr stansiyalari va aeroportlar modernizatsiya qilinmoqda. Eng muhimi, yirik infratuzilma loyihalari uzoq muddatli istiqbolni hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda. Shu bois korxonalar uchun bunday yirik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari va normativ-huquqiy bazaning barqarorligi eng muhim omillar sanaladi.

Shu bilan birga, so‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun keng muloqot maydoni shakllandi. Davlat idoralari bilan ochiq muzokaralar, yuzaga kelayotgan muammolarga tezkorlik bilan munosabat bildirish hamda tadbirkorlik uchun zarur qaror va chora-tadbirlarning qabul qilinishi tufayli biznesning rivojlanishi avvalgiga nisbatan ancha o‘sdi.

Aynan shu sababli, korporatsiyamiz Sirdaryo viloyatidagi loyiha ortidan Toshkentda vakolatxona ochish va strategik “Yo‘l xaritasi”ni imzolash orqali o‘zining uzoq muddatli sheriklik mavqeini mustahkamlamoqda. Bu O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan ishonch va mamlakat bilan hamkorlikni yana-da kengaytirishga bo‘lgan intilishimizning yaqqol ifodasidir.

– Qutlug‘ ayyom arafasida mamlakatimiz rahbariyati va xalqiga tilaklaringiz?

– Avvalo, butun O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi va Yangi O‘zbekiston islohotlarining 10 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

O‘zbekistonda odamlarning samimiyligi, mehmondo‘stligi va mehnatsevarligi menda doim katta taassurot uyg‘otgan. Yurtingizda yosh va iqtidorli insonlarning borligi O‘zbekistonning eng katta yutuqlaridan biridir.

Korporatsiyamiz shunchaki sarmoyador emas, balki Yaponiya va O‘zbekistonni bog‘lab turuvchi uzoq muddatli hamkor sifatida faoliyat yuritmoqda. Kelgusida ham energetika, sog‘liqni saqlash va transport kabi sohalarda mamlakat rivojiga hissa qo‘shishda davom etamiz.

O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va farovon kelajagi yo‘lidagi saʼy-harakatlariga omad va muvaffaqiyat tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish