YUNESKO Ijroiya kengashi O‘zbekistonning 19-noyabrni Xalqaro hujjatli meros kuni deb eʼlon qilish tashabbusini bir ovozdan maʼqulladi
Aprel 25, 2026. 09:10 • 3 daq
• 99PARIJ, 25-aprel. / “Dunyo” AA/. 23-aprel kuni YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Ijroiya kengashining 224-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan 19-noyabrni – Xalqaro hujjatli meros kuni deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bir ovozdan maʼqullandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro hujjatli meros kunini eʼlon qilish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2025-yil 30-oktyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida ilgari surilgan edi.
Hujjatli meros – qo‘lyozmalar, arxivlar, kutubxona fondlari, audiovizual materiallar va raqamli yozuvlar – insoniyat jamoaviy xotirasining muhim qismi hisoblanadi. Biroq resurslar yetishmasligi, raqamlashtirish imkoniyatlarining cheklangani, texnologik eskirish, iqlim va boshqa xavf-xatarlar tufayli zaif bo‘lib qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, ushbu tashabbus hujjatli merosning ahamiyati haqida global xabardorlikni oshirish, aʼzo davlatlar va hamkorlarning uni asrab-avaylash bo‘yicha saʼy-harakatlarini faollashtirish, undan foydalanish imkoniyatini, jumladan, raqamli shaklda kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va YUNESKOning “Dunyo xotirasi” dasturining ko‘rinishini kuchaytirishga qaratilgan.
Ushbu tashabbus, YUNESKOning hujjatli merosni asrab-avaylash, axborotdan foydalanish, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish kabi sohalardagi joriy ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi.
Bu borada O‘zbekistonning tashabbusi YUNESKOga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, YUNESKOga aʼzo 65 ta davlat: Albaniya, Jazoir, Armaniston, Ozarbayjon, Bahrayn, Bangladesh, Belarus, Burkina-Faso, Kabo-Verde, Kambodja, Kamerun, Xitoy, Kolumbiya, Kosta-Rika, Kuba, Jibuti, Misr, Ekvatorial Gvineya, Efiopiya, Gvatemala, Gaiti, Vengriya, Hindiston, Indoneziya, Yamayka, Qozog‘iston, Quvayt, Qirg‘iziston, Livan, Liberiya, Liviya, Malayziya, Mali, Mavritaniya, Mavrikiy, Marokash, Mozambik, Myanma, Niger, Nigeriya, Ummon, Palau, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklari, Urugvay, Venesuela, Vetnam, Yaman, Zimbabve O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan Ijroiya kengashi qarorining hammualliflari bo‘ldi.
Sessiya davomida bir qator davlatlar vakillari ham O‘zbekistonning tashabbusini qatʼiy qo‘llab-quvvatlab, uning o‘z vaqtida amalga oshirilgani, amaliy ahamiyati va YUNESKOning hujjatli merosni saqlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqligini taʼkidladi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Prezidentining Xalqaro kunni taʼsis etish tashabbusi YUNESKOning taʼlim, madaniyat, bilim olish va insoniyat xotirasini asrab-avaylash sohalaridagi ustuvor yo‘nalishlariga uyg‘unligini, shuningdek, “Jahon xotirasi” dasturini mustahkamlash, hujjatli merosga xalqaro eʼtiborni kengaytirish va uni muhofaza qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni faollashtirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Hujjatli meros nafaqat madaniy, balki tarixiy xotirani saqlash, milliy o‘zlikni tiklash, davlatchilikni mustahkamlash va tarixiy adolatni taʼminlash nuqtai nazaridan kengroq ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega ekaniga alohida eʼtibor qaratildi. Tashabbusning resurslar taqchilligi, texnologik cheklovlar va iqlim xavf-xatarlari oldida eng zaif bo‘lgan mamlakatlar uchun amaliy ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Tashkilotning belgilangan tartibiga muvofiq, Xalqaro hujjatli meros kunining rasmiy eʼlon qilinishi 2027-yil noyabr oyida YUNESKO Bosh konferensiyasining 44-sessiyasida bo‘lib o‘tadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


