Dunyoning “Top-100” universitetlari qatoriga kiruvchi Manchester universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Avgust 06, 2026. 15:00 • 2 daq

98
Dunyoning “Top-100” universitetlari qatoriga kiruvchi Manchester universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

LONDON, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyani Manchester universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha vitse-prezidenti, professor Anjeliya Uilson bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuv sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Professor Anjeliya Uilson universitetning ustuvor yo‘nalishlari hisoblangan axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt, injeneriya, barqaror rivojlanish, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, kreativ industriyalar, shuningdek, biznes va menejment sohalarida O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi.

Ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan ikki tomonlama diplom dasturlari, maxsus o‘quv kurslari hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning manfaatdor oliy taʼlim muassasalari bilan qo‘shma taʼlim loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi.

Manchester universiteti Buyuk Britaniyaning eng yirik va yetakchi ilmiy-tadqiqot universitetlaridan biri bo‘lib, mamlakatning eng nufuzli taʼlim muassasalarini birlashtiruvchi “Russell Group” aʼzosi hisoblanadi. “QS World University Rankings” reytingiga ko‘ra, universitet dunyodagi eng yaxshi 40 ta oliy taʼlim muassasasi qatoriga kirgan. Universitetda 170 dan ortiq mamlakatdan kelgan 46 mingdan ziyod talaba tahsil oladi, shuningdek, qariyb 12 ming nafar xodim faoliyat yuritadi. Manchester universiteti tabiiy fanlar, muhandislik, tibbiyot, biznes va gumanitar fanlar sohalaridagi taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sifati bilan xalqaro miqyosda tan olingan. Universitetning hozirgi va sobiq professor-o‘qituvchilari orasida 26 nafar Nobel mukofoti sovrindori mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish