Kaxa Imnadze: O‘zbekistonning tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan yo‘li Markaziy Osiyo va undan tashqari hududlarda yangi muloqot hamda hamkorlik madaniyatini shakllantirmoqda

Avgust 07, 2026. 08:10 • 12 daq

61
Kaxa Imnadze: O‘zbekistonning tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan yo‘li Markaziy Osiyo va undan tashqari hududlarda yangi muloqot hamda hamkorlik madaniyatini shakllantirmoqda

ASHXOBOD, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. BMT bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze “Dunyo” AA muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida O‘zbekistonning BMT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rni, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mintaqaviy integratsiya va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritdi.

– Bu yil Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar boshlanganiga 10 yil to‘ladi. Siz ushbu davrda qo‘lga kiritilgan natijalarni qanday baholaysiz va, fikringizcha, mamlakatda yuz bergan qaysi o‘zgarishlar eng ahamiyatlidir?

– So‘nggi o‘n yillikdagi islohotlar haqli ravishda “Yangi O‘zbekiston” davri deb atalmoqda, chunki biz tizimli qonunchilik va institutsional o‘zgarishlar, samarali davlat boshqaruvining mustahkamlanishi hamda keng ko‘lamli modernizatsiya tufayli mamlakatning qayta tiklanishiga chindan ham guvoh bo‘ldik. Biz mintaqaviy yaqinlashuv, integratsiya va proaktiv xalqaro hamkorlikka muvaffaqiyatli o‘tgan davlatni ko‘rib turibmiz.

O‘zbekiston iqtisodiyoti yanada ochiq va bozor mexanizmlariga yo‘naltirilgan bo‘ldi. Valyutaning liberallashtirilishi, kapital harakati va tashqi savdoga qo‘yilgan cheklovlarning bekor qilinishi, shuningdek, davlat aktivlarining xususiylashtirilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining barqaror o‘sishiga xizmat qildi. Bular shunchaki yuzaki o‘zgarishlar emas, balki O‘zbekiston iqtisodiyotining faoliyat yuritish tamoyillarini hamda mamlakatning xalqaro hamkorlar tomonidan idrok etilishini o‘zgartirgan chuqur tarkibiy islohotlardir.

Chiqish vizalari tizimining bekor qilinishi, umuman, viza rejimining soddalashtirilishi, shuningdek, yanada ochiq axborot muhiti shakllantirilgani, jumladan, xalqaro ommaviy axborot vositalarining mamlakatda faoliyat yuritish imkoniyatlari kengaytirilgani shaffoflik va jamoatchilik oldidagi hisobdorlikni oshirish yo‘lidagi amaliy qadamlar bo‘ldi. Bularning barchasi salmoqli yutuqlardir, biroq men uchun, ehtimol, eng muhim o‘zgarish yangi tashqi siyosat kursi bo‘ldi.

Markaziy Osiyo diplomatiyasiga ustuvorlik berilishi qo‘shni davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni tiklashga, ko‘p yillik chegara va suv masalalarini hal etishga, shuningdek, Toshkentning mintaqaviy muloqotning chinakam markazi sifatidagi rolini mustahkamlashga yordam berdi. Bu, shuningdek, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatni o‘zgartirib, uni ziddiyatlar makonidan tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohasidagi umumiy tahdidlarga birgalikda javob berishga yaxshiroq tayyorlangan hamkorlikka asoslangan mintaqaviy tizimga aylantirishga ko‘maklashdi.

– So‘nggi o‘n yil mobaynida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Ushbu hamkorlikning qaysi natijalarini eng muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz va kelajakda qanday qo‘shma loyihalar ustuvor bo‘lishi mumkin?

– BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi mintaqa davlatlarining o‘z iltimosiga ko‘ra, ularga xavfsizlik sohasidagi umumiy muammolarni birgalikda hal qilish uchun betaraf va xolis maydon taqdim etish maqsadida tashkil etilgan. O‘zbekiston boshidanoq bu saʼy-harakatlarda eng faol hamkorlarimizdan biri bo‘lib, ziddiyat o‘rniga izchil ravishdagi muloqotni afzal bilib kelmoqda va yildan-yilga BMT Bosh Assambleyasidagi mandatimizni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bir nechta eng muhim natijalarni alohida taʼkidlash mumkin. Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarida O‘zbekiston mintaqadagi eng uzoq davom etgan keskinlik manbalaridan birini bartaraf etishda konstruktiv rol o‘ynadi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlarining Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama sammiti hamda uning yakunlari bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar yaxshi qo‘shnichilik munosabatlaridagi davlatlar ko‘p yillik chegara masalalarini qay tarzda muvaffaqiyatli hal qila olishini namoyish etdi.

Bugun biz bu muvaffaqiyatni Farg‘ona vodiysidagi tinchlik jarayoni doirasida, jumladan, har uchala mamlakat yoshlarini tinchlik va ishonchni mustahkamlashga bevosita jalb qiladigan “Yosh tinchlikparvarlarning transchegaraviy tashabbusi” nomli yangi loyiha orqali rivojlantirmoqdamiz.

Terrorizmga qarshi kurash sohasida va 2022-yilda Toshkentda kelishilgan Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida butun mintaqa bo‘ylab zo‘ravonlikka olib keluvchi ekstremizmning oldini olish, terrorizmga qarshi kurashish, shuningdek, qurolli mojarolar hududlaridan qaytgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha o‘quv tadbirlarini o‘tkazyapmiz hamda ekspertlar almashinuvini tashkil etyapmiz.

Suv resurslari, energetika va iqlim o‘zgarishi – tarixan daryolarning yuqori va quyi oqimlarida joylashgan mamlakatlar munosabatlaridagi eng nozik masalalardan biri bo‘lib, biz bu mavzuni qarama-qarshilik emas, balki hamkorlik ruhida saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik. Orol dengizi inqirozi bilan bog‘liq muammolarni hal etishda O‘zbekiston va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. Umuman olganda, suv resurslari masalasini faqat ekologik muammo sifatida emas, balki tinchlik va xavfsizlik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqayapmiz.

Inklyuzivlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Markaziy Osiyo ekspertlar forumi, Ayol yetakchilar forumi va Yoshlar uchun preventiv diplomatiya akademiyasi kabi platformalar mintaqaviy muloqot ishtirokchilari doirasini sezilarli darajada kengaytirdi. Bugungi kunda unda nafaqat hukumat vakillari, balki tadqiqotchilar, ayol yetakchilar va yoshlar ham qatnashmoqda. O‘zbekiston bu kabi keng qamrovli va inklyuziv yondashuvni doimo qo‘llab-quvvatlab keladi.

– Islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri yanada ochiq, sarmoyaviy jozibador va xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan iqtisodiyotni yaratish bo‘ldi. Sizning bahongizga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat, sarmoyadorlar va hamkorlarning ishonchini mustahkamlashga qanchalik hissa qo‘shdi?

– Iqtisodiy rivojlanish, moliya va sarmoya masalalari BMT Bosh kotibining maxsus vakili va Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari sifatidagi bevosita vakolatlarim doirasiga kirmaydi. Shunga qaramay, yuz berayotgan jarayonlar kuzatuvchisi sifatida shuni aytishim mumkinki, O‘zbekiston o‘z qonunchiligi va meʼyoriy-huquqiy bazasini xalqaro standartlarga izchil muvofiqlashtirib bormoqda.

MDH doirasidagi erkin savdo rejimining afzalliklaridan foydalangan mamlakat, shuningdek, Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensial savdo maqomiga ega bo‘ldi, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayonini qayta boshladi, mintaqadagi va undan tashqaridagi asosiy hamkorlar bilan savdo va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirdi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Xorijiy investorlar xalqaro kengashi tashkil etildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston yuqori tavakkalchilikka ega deb qaralgan iqtisodiyotdan raqobatbardosh pul-kredit va soliq-byudjet siyosatiga, shuningdek, oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan ishbilarmonlik muhitiga ega davlatga aylandi. Bularning barchasi amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi hamda xalqaro hamjamiyat, sarmoyadorlar va hamkorlar ishonchi ortib borayotganining yaqqol dalilidir.

Yirik xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini oshirdi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi esa sezilarli darajada ko‘paydi. Xalqaro moliya institutlari mamlakatdagi sarmoyaviy portfellarni ancha kengaytirib, sanoat, transport, logistika, energetika, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, fuqarolik infratuzilmasini rivojlantirish va boshqa sohalardagi loyihalarni moliyalashtirmoqda hamda tobora faol ravishda uzoq muddatli tarkibiy moliyalashtirishga o‘tmoqda.

Bundan tashqari, biz davlat va korporativ obligatsiyalar muvaffaqiyatli joylashtirilganiga, shuningdek, aksiyalarning birlamchi ommaviy taklifi o‘tkazilganiga guvoh bo‘ldik. Bu bugungi kunda xalqaro kapital bozorlari O‘zbekistonni barqaror moliyaviy tizimga va qulay sarmoyaviy muhitga ega mamlakat sifatida qabul qilayotganidan dalolat beradi. Bularning barchasi olib borilayotgan islohotlarning bevosita natijasidir.

– O‘n yillik islohotlar davomida O‘zbekiston qator xalqaro va mintaqaviy loyihalarning tashabbuskoriga aylandi. Sizningcha, amalga oshirilgan tashabbuslarning qaysi biri nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo va umuman xalqaro hamjamiyat uchun ham uzoq muddatli ahamiyatga ega?

– Bugungi Markaziy Osiyo bir necha yil avvalgiga qaraganda chuqur integratsiyalashgan, jipslashgan va yagona hududdir. Umumiy manfaatlar asosida hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy xatarlarga birgalikda yechim izlashning asosiy mintaqaviy mexanizmiga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini eslashning o‘zi kifoya.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi” O‘zbekistonning o‘zaro bog‘liqligi kuchliroq va barqaror mintaqani shakllantirish tarafdori bo‘lgan davlat sifatidagi strategik qarashlarini ifoda etadi. Shu yo‘nalishda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi 2025-yilda ishga tushgan “Termiz muloqoti” jarayonini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ushbu platforma Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga, jumladan, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlikka konstruktiv jalb etish yo‘llarini izlashga qaratilgan.

Bu ishlar O‘zbekistonning o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surish bo‘yicha ko‘p yillik saʼy-harakatlarining mantiqiy davomi bo‘lib, bunga, xususan, 2021-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli xalqaro anjumanda asos solingan edi. 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan rezolyutsiyaning bir ovozdan qabul qilinishi ham muhim bosqich bo‘ldi.

Biz uchun, yaʼni BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi uchun “Termiz muloqoti” ikki mintaqada umumiy tinchlik, do‘stlik va farovonlik makonini shakllantirish bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatdir.

Albatta, O‘zbekiston BMTda qator muhim tashabbuslarni va rezolyutsiya loyihalarini ilgari surdi. Biroq men Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi yuqori darajadagi umumiy munozaralari chog‘ida taqdim etgan Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi yo‘lida mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash tashabbusini alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman.

Ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi xalqaro hamjamiyat tomonidan yaqin-yaqingacha murakkab ziddiyatlar va chuqur ildiz otgan o‘zaro ishonchsizlik bilan tavsiflangan mintaqa bugungi kunda ishonch bilan muloqot, yaxshi qo‘shnichilik va birgalikda taraqqiy etish makoniga aylanib borayotganining tan olinishi bo‘ldi.

Bundan tashqari, hujjatda preventiv diplomatiyaning alohida ahamiyati taʼkidlanib, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazining mojarolarning oldini olish, ishonchni mustahkamlash va uzoq muddatli mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashdagi muhim mexanizm sifatidagi asosiy roli qayd etildi.

– Ko‘plab xalqaro ekspertlar Yangi O‘zbekiston islohotlari tajribasini mintaqadagi keng ko‘lamli transformatsiyalarning eng yorqin namunalaridan biri sifatida eʼtirof etmoqda. Sizningcha, bu tajribaning qaysi jihatlari boshqa davlatlar uchun alohida qiziqish uyg‘otadi?

– Boshqa davlatlar uchun ham qiziqish uyg‘otadigan eng muhim o‘zgarishlardan biri 2016-yildan boshlab O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi yo‘nalishga o‘tilgani bo‘ldi. Tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy barqarorlik kursi ko‘p yillik o‘zaro ishonchsizlik davrining o‘rnini egallab, nafaqat Markaziy Osiyoda, balki uning tashqarisida ham yangi muloqot va hamkorlik madaniyatini shakllantirdi.

Tarixan shakllangan keskinlik yoki uzoq davom etgan nizolarga duch kelayotgan mamlakatlar uchun asosiy saboq shundan iboratki, ko‘pincha ichki islohotlarning o‘zigina kifoya qilmaydi. Tashqi siyosatdagi o‘zgarishlar ham kam ahamiyatga ega emas, aksincha, ko‘p hollarda aynan ular muvaffaqiyatli o‘zgarishlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi ishonch iqtisodiy yoki institutsional islohotlar natijasida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi, aksincha, ko‘pincha ularning zaruriy shartiga aylanadi. O‘zbekiston tajribasi chegara masalalarini hal etish, savdo yo‘laklarini ochish va qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga muloqot, o‘zaro ishonch va konstruktiv hamkorlik yo‘lini ongli ravishda tanlash orqali erishilganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Keng ko‘lamli o‘zgarishlarga intilayotgan har qanday mamlakat uchun bu mintaqaviy darajada ishonchni tiklashga iqtisodiy va institutsional o‘zgarishlarning ikkinchi darajali yo‘nalishi yoxud qo‘shimcha samarasi sifatida emas, balki mustaqil strategik islohot sifatida qarash lozimligini anglatadi.

O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish borasidagi tajribasi ham eʼtiborga molik. Mamlakat nisbatan qisqa vaqt ichida valyuta bozorini erkinlashtirishga, chiqish vizalari tizimini bekor qilishga, savdo va investitsiya tartib-taomillarini sezilarli darajada soddalashtirishga, davlat aktivlarini xususiylashtirishga hamda ilgari yopiq bo‘lgan tarmoqlarni xorijiy investorlar uchun ochishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur chora-tadbirlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo hajmining sezilarli o‘sishini taʼminladi, shuningdek, milliy iqtisodiyotning mintaqaviy va jahon bozorlariga integratsiyalashuv darajasini ancha oshirdi. Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘n yil avvalgiga qaraganda ancha raqobatbardosh, ochiq va dinamikdir.

Shunga o‘xshash islohotlarni o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan davlatlar uchun O‘zbekiston tajribasi islohotlarning izchilligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi. Institutsional islohotlar va investitsiyalarni himoya qilishning samarali mexanizmlari bilan mustahkamlangan valyuta va savdo rejimlarini erkinlashtirish islohotlarning barqaror surʼatini saqlab qolish, biznes va investorlar ishonchini mustahkamlash, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik xavfini kamaytirishga imkon beradi.

– Agar kelgusi o‘n yillik haqida gapiradigan bo‘lsak, sizningcha, O‘zbekistonning yanada barqaror rivojlanishi va jahon iqtisodiyoti hamda xalqaro siyosatdagi o‘rnini mustahkamlashda islohotlarning qaysi yo‘nalishlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi?

– O‘zbekiston ham mintaqaviy, ham xalqaro maydonda tobora sezilarli va konstruktiv rol o‘ynayotgan mintaqaviy davlatga aylandi. Bugungi parchalangan dunyoda mamlakatning birlashtiruvchi kuch vazifasini bajarishga va davlatlar o‘rtasida ko‘priklar qurishga intilishini baholash qiyin. Aynan shunday yondashuv O‘zbekiston va uning rahbariyatiga munosib xalqaro eʼtirof va hurmat keltirdi.

Kelgusi o‘n yillikda mamlakatning barqaror rivojlanishi va uning xalqaro mavqeini mustahkamlash ko‘p jihatdan erishilgan natijalarni mustahkamlash va “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni izchil amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi. Kambag‘allikni yanada kamaytirish, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, korrupsiyaga barham berish, fuqarolik jamiyati, yoshlar va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, iqlim va suv muammolariga samarali javob berish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash hamda mamlakatning global ishlab chiqarish va logistika zanjirlariga yanada integratsiyalashuvi asosiy vazifalar sirasiga kiradi.

Shu maʼnoda, O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan, dolzarb masalalarni muhokama qilish va ilg‘or xalqaro tajriba almashish uchun nufuzli maydonga aylangan Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forum alohida ahamiyatga ega. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish nomidan Namanganda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” shiori ostida o‘tgan uchinchi forum ishida shaxsan ishtirok etdim. Yuqori darajadagi forumni Prezident Shavkat Mirziyoyev ochib berdi va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kompleks yondashuvlarni muhokama qilish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari va dunyoning boshqa mintaqalaridan hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, ekspertlar hamjamiyati va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirdi.

Forum ishi kambag‘allik va beqarorlik o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni, shuningdek, mustahkam va barqaror tinchlik uzoq muddatli taraqqiyot va farovonlikning zaruriy sharti ekanini yana bir bor tasdiqladi.

– Mustaqillikning 35 yilligi va Yangi O‘zbekiston islohotlarining 10 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz rahbariyati va xalqiga qanday tilaklar bildirgan bo‘lardingiz?

– O‘zbekiston rahbariyati va xalqini yubileylar bilan samimiy tabriklayman. Bu chindan ham muhim sanalar va mamlakatni ortga qaytmas modernizatsiya qilish uchun mustahkam poydevor yaratgan o‘n yillik izchil va mashaqqatli mehnatni nishonlash uchun munosib asosdir. Ushbu muhim bosqich uzoqni ko‘ra biladigan rahbariyat va mehnatkash, harakatchan O‘zbekiston xalqi o‘rtasidagi samarali hamkorlikning natijasi bo‘ldi.

Ishonchim komilki, shaffoflik, inklyuzivlik va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlikka asoslangan islohotlarning erishilgan surʼati, Markaziy Osiyo va undan tashqarida mustahkam tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadidagi mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani chuqurlashtirish yo‘li kelgusi yillarda ham izchil davom etadi va rivojlanadi.

Tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlik Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatida doimo markaziy o‘rinni egallab kelmoqda va uning mintaqa xalqlarining boy tarixiy merosi, umumiy qadriyatlari va sivilizatsiyaviy birligiga asoslangan Markaziy Osiyoning umumiy, tinch va farovon kelajagi haqidagi qarashlarining asosini tashkil etadi.

Biz, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, ushbu ezgu maqsadlarga erishishda O‘zbekiston va mintaqadagi barcha davlatlarning ishonchli hamkori bo‘lishdan faxrlanamiz. Fursatdan foydalanib, Markazimiz faoliyatini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani, shuningdek, mamlakat vakillarining tashabbuslarimizni amalga oshirishdagi faol ishtiroki uchun O‘zbekistonga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komilki, konstruktiv hamkorligimiz va birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz kelgusida ham umumiy mintaqaviy muammolarga uzoq muddatli va barqaror yechimlar topish, Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlash, kelajak avlodlar uchun yanada qulay istiqbollar yaratishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish