Pokistonning mashhur brendi Toshkentda o‘z filialini ochishni rejalashtirmoqda

Sentabr 06, 2026. 21:00 • 2 daq

13
Pokistonning mashhur brendi Toshkentda o‘z filialini ochishni rejalashtirmoqda

KARACHI, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Karachi shahrida Pokistonning yirik to‘qimachilik kompaniyalaridan biri – “Al Karam” bosh direktori Asad Favad bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekistonda ip yigirish, matolarni bo‘yash va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish hamda eksportga yo‘naltirilgan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Asad Favadning ta’kidlashicha, “Al Karam” kompaniyasi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha boy tajribaga ega bo‘lib, “IKEA”, “Walmart” va “Target” kabi jahonning yetakchi xalqaro chakana savdo tarmoqlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Suhbat chog‘ida “Al Karam Studio” brendini O‘zbekiston bozoriga olib kirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Toshkent shahrida brend filialini tashkil etish, mahalliy hamkorlar bilan franchayzing asosida ishlash va ayrim mahsulot turlarini mahalliylashtirish taklif etildi. Qayd etilganidek, ushbu tashabbuslar mamlakatimizda zamonaviy chakana savdo va yengil sanoat sohalarida yangi loyihalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Muzokaralar yakunida amaliy hamkorlikning dastlabki yo‘nalishlari belgilab olindi. Xususan, to‘qimachilik sohasida qo‘shma ishlab chiqarish loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, “Al Karam Studio” brendini O‘zbekiston bozoriga olib kirish uchun salohiyatli mahalliy hamkorlarni aniqlash hamda qo‘shma investitsiya loyihasini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib olindi.

Ta’kidlash joizki, muzokaralar chog‘ida ilgari surilgan investitsiya takliflarining amalga oshirilishi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yangi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yo‘nalishlar bilan boyitishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish