O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Voronej viloyati va Sankt-Peterburgda vatandoshlar bilan uchrashdi

Sentabr 06, 2026. 20:00 • 2 daq

91
O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Voronej viloyati va Sankt-Peterburgda vatandoshlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Voronej viloyati va Sankt-Peterburgda vatandoshlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Voronej viloyati va Sankt-Peterburgda vatandoshlar bilan uchrashdi

TOSHKENT, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlarining Rossiyaning Voronej viloyati Ostrogojsk tumaniga xizmat safari doirasida “Ostrogojsksadpitomnik” korxonasi bosh direktori Nikolay Gaponenko hamda bu yerda mehnat qilayotgan hamyurtlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, qonuniy mehnat faoliyatini yuritishlari uchun zarur sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Korxonada ishlayotgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda konsullik-huquqiy masalalar, Rossiya migratsiya va mehnat qonunchiligiga rioya etishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Muloqot davomida O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida korxona rahbariyati bilan doimiy ishchi hamkorlikni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Uchrashuvda mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi diplomatlari tashabbusi bilan mustaqilligimizning 32-yilligi munosabati bilan vatandoshlar uchun bayram dasturxoni yozildi. Yurtdoshlar ushbu qutlug‘ shodiyona bilan tabriklanib, Vatanimizga farovonlik, muvaffaqiyat va ravnaq tilandi.

O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasida tashkil etilgan uchrashuv ham ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov, Bosh konsul Abdurahmon Mahmudov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor Yunusov hamda ushbu hududda ishlayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Asosiy e’tibor mintaqada mehnat faoliyatini yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolarining konsullik-huquqiy himoyasini ta’minlash, ularga zarur yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish hamda kelib tushayotgan murojaatlarga tezkor munosabat bildirishga qaratildi.

Vatandoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlariga rioya qilish, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish hamda ish obyektlarida xavfsizlik choralarini ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida ish beruvchi vatandoshlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish va fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan zarur choralarni ko‘rishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish

So‘nggi yangiliklar

Barchasi