Dohada Afrika mamlakatlari elchilari O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi yutuqlari bilan tanishdilar
Sentabr 06, 2026. 19:30 • 2 daq
• 137
DOHA, 6-sentyabr. / “Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Qatardagi elchixonasida O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari va amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Afrika qit’asi davlatlari, jumladan, Janubiy Afrika Respublikasi, Efiopiya, Nigeriya, Tanzaniya, Angola, Jibuti, Ruanda, Keniya va boshqa mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda xodimlari ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida qatnashchilar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bilan tanishtirildi. Izchil o‘zgarishlar davlat va jamiyat hayotining barcha muhim sohalarini qamrab olib, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam zamin yaratgani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti 3 barobar, aholi jon boshiga YAIM 27 foizga, yillik xorijiy investitsiyalar oqimi 7 barobar, tashqi savdo hajmi esa 5 barobar ortdi. Mamlakat elektr stansiyalari quvvati 50 foizga ko‘paydi. Shu bilan birga, kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 2026-yilda 4 foizgacha qisqardi.
Ijtimoiy o‘zgarishlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Diplomatlarga O‘zbekistonning ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalaridagi yutuqlarini aks ettiruvchi videomateriallar namoyish etildi. Mustaqillik yillarida xalqimiz nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishgani, balki tarixiy xotirasi, milliy o‘zligi va ma’naviy qadriyatlarini tiklagani alohida qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari zamonaviy O‘zbekistonning jadal rivojlanishini yuqori baholab, Afrika davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Anjuman yakunida mehmonlar uchun o‘zbek milliy taomlari tortiq etilib, mamlakatimizning boy madaniy va gastronomik merosi namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi