Logo

Janubiy Koreyada Ramazon shukuhi: Oʻzbekiston elchixonasi Chongjuda iftorlik tashkil etdi

Fevral 28, 2026. 17:43 • 2 daq

44
Janubiy Koreyada Ramazon shukuhi: Oʻzbekiston elchixonasi Chongjuda iftorlik tashkil etdi

Janubiy Koreya, Chongju, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yil 28-fevral kuni mamlakatimiz Seuldagi Elchixonasi tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning yirik shaharlaridan biri — Chongju shahrida vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

100 nafardan ortiq yurtdoshlarimiz ishtirok etgan hamda “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur tadbir “Koreyadagi oʻzbekistonliklar uyushmasi”, Oʻzbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreyadagi vakolatxonasi hamda “Chongju Islom markazi” faollari bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.

Oʻzbekiston elchisi Alisher Abdusalomov iftorlik dasturxonini ochar ekan, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand qatlamlarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida toʻxtaldi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekistondan tashrif buyurgan diniy soha vakili — Namangan viloyatidagi “Mulla Abduqodir oxund” masjidi imom-xatibi Muzaffar Ibragimov ishtirok etdi. U oʻz maʼruzasida Ramazon oyini munosib tarzda nishonlash, iftorliklarni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos tarzda oʻtkazish, Islom dinining insonparvarlik, mehr-muruvvat, saxovat va shukronalik gʻoyalarini targʻib qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Imom-xatib ushbu muqaddas oyda yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga alohida eʼtibor qaratib, ehtiyojmand oilalar hamda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrsatilayotgan yuksak eʼtiborni qayd etdi.

Iftor tadbiri yuksak tashkiliy saviyada va bayramona ruhda oʻtkazildi. U vatandoshlarimiz qalbida Chongju shahrida ham Oʻzbekistonning mehr-muruvvat va birdamlik ruhi singdirilganligini yaqqol his ettirdi. Tadbirda ishtirok etgan yurtdoshlarimiz oʻz fikrlarida Ramazon kunlarida ularning Oʻzbekiston hukumati va butun xalqining samimiy eʼtibori va gʻamxoʻrligi ostida ekanliklarini alohida mamnuniyat bilan taʼkidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Shahzoda Kuchkarova

shahzoda@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish