Logo

Novosibirskda Navro‘z shukuhi: O‘zbek milliy anʼanalari va bahoriy taomlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Mart 28, 2026. 15:16 • 2 daq

128
Novosibirskda Navro‘z shukuhi: O‘zbek milliy anʼanalari va bahoriy taomlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

NOVOSIBIRSK, 29-mart. /“Dunyo” AA/. A.D.Kryachkov nomidagi Novosibirsk davlat arxitektura, dizayn va sanʼat universitetida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan tantanali madaniy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan bir qatorda, Novosibirskning davlat, akademik va ilmiy doiralari vakillari, vatandoshlarimiz hamda o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi va anʼanalariga qiziquvchi keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Bosh konsuli Aslam Akbarov o‘z nutqida Navro‘zning zamonaviy O‘zbekiston hayotidagi beqiyos o‘rni, uning umuminsoniy qadriyatlari va jahon sivilizatsiyasi tarixiga ko‘rsatgan ulkan taʼsiriga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, ushbu sevimli bayramning yurtimizning turli hududlarida nishonlanish xususiyatlari, anʼanaviy urf-odatlar va bayram dasturxonining o‘ziga xosliklari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Universitet rektori Natalya Bagrova Navro‘z bayramini nishonlash xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga xizmat qiluvchi jonli anʼana ekanini alohida qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, Navro‘z bugungi kunda ham ming yillar davomida sayqallanib kelayotgan va butun insoniyat mulki hisoblangan noyob qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan.

Tadbir mehmonlari Bosh konsulxona tomonidan tayyorlangan o‘zbek milliy liboslari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar hamda vatandoshlarimiz ijrosidagi jozibador milliy raqslardan bahramand bo‘ldilar. Bayram yakunida ishtirokchilarga bahor faslining ramzi bo‘lgan o‘zbek taomlari tortiq qilindi. Ushbu madaniy kecha Sibir o‘lkasida o‘zbek xalqining boy merosini keng targ‘ib qilish va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish