Logo

San-Fransiskoda Navro‘z bayrami keng nishonlandi

Mart 24, 2026. 10:39 • 2 daq

246
San-Fransiskoda Navro‘z bayrami keng nishonlandi

SAN-FRANSISKO, 24-mart. /“Dunyo” AA/. 20–21-mart kunlari AQShning San-Fransisko shahrida Navro‘z bayrami munosabati bilan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbirlar mamlakatimizning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Kaliforniya shtati, San-Fransisko ko‘rfazi hududidagi o‘zbekistonliklar hamjamiyati tomonidan uyushtirildi.

Uchrashuvlarda mahalliy ma’muriyat vakillari, shuningdek, qator xorijiy davlatlar, jumladan, turkiy tilli mamlakatlar diaspora birlashmalari ishtirok etdi.

Dastur doirasida O‘zbekistonning milliy madaniyati, xalqimizning an’ana va urf-odatlari keng namoyish etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasining Navro‘z bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, shahar hokimiga hurmat belgisi sifatida o‘zbek milliy zardo‘zlik libosi taqdim etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston tarixi, madaniyati va an’analariga bag‘ishlangan tematik ekspozitsiyalar namoyish etildi. Ayniqsa, mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda taqdimot materiallari bezatilib, sayyohlik yo‘nalishlari, tarixiy shaharlar va madaniy obyektlar haqida flayerlar hamda boshqa tarqatma materiallar taqdim etildi.

Mehmonlarga qo‘l mehnati asosida tayyorlangan milliy esdalik sovg‘alari ulashildi. Tadbir mahalliy aholi va turli jamoalar vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. E’tiborli jihati shundaki, ilk bor San-Fransisko meriyasi binosida Navro‘z bayrami nishonlandi.

Shaharning boshqa maydonlarida ham bayram tadbirlari milliy taomlar va boy madaniy dastur bilan davom etdi. Dastur doirasida milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Shu bilan birga, tadbirlarda turkiy tilli jamoalar, jumladan, ozarbayjon diasporasi vakillari ham faol ishtirok etdi.

Ikki kun davomida bir nechta maydonlarda o‘tkazilgan tadbirlar mintaqadagi o‘zbek jamoasining yuqori darajadagi tashkilotchiligi va faolligini namoyon etdi.

Mazkur tadbirlar milliy madaniyatni keng targ‘ib qilish, O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish