“Jewish Traveler”: O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning yetakchi sayyohlik yo‘nalishiga aylanib bormoqda
Iyun 25, 2026. 14:30 • 2 daq
• 23
TЕL-AVIV, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Isroilning “Jewish Traveler” sayyohlik nashrida O‘zbekistonning turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifi Yakov Maor O‘zbekistonning turizm jozibadorligi, 2030-yilga borib mamlakatni Markaziy Osiyoning yetakchi sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etgan.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston dunyoning eng qiziqarli va jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Xususan, 16–18-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakat turizm sohasini kengaytirish bo‘yicha yirik loyihalar ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, forum doirasida turizm yo‘nalishida xorijiy sarmoyadorlar uchun qator rag‘bat va imtiyozlar taqdim etilgan. Sayyohlikka sarmoya kiritishga bag‘ishlangan maxsus sessiyalarda mutaxassislar turizm, aviatsiya, shaharsozlik va xalqaro investitsiyalar bo‘yicha fikr-mulohazalar almashgan.
Yakov Maorning ma’lum qilishicha, mamlakatni 2030-yilgacha rivojlantirish dasturiga ko‘ra, O‘zbekiston sayyohlik xizmatlari eksportini yiliga 6 milliard dollardan oshirishni, sayyohlarning mamlakatda o‘rtacha qolish muddatini 7–8 kungacha uzaytirishni va bir sayyohga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdorini hozirgi 415 dollardan taxminan 1000 dollargacha oshirishni maqsad qilgan.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun davlat yangi sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga, havo va yer usti transport qatnovini kengaytirishga, mehmonxonalar va dam olish maskanlari qurishga, shuningdek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega turizm yo‘nalishlarini targ‘ib qilishga sarmoya kiritmoqda. O‘sish omillari sifatida belgilangan yo‘nalishlar qatoriga kongress va ishbilarmonlik turizmi, gastronomik turizm, ekoturizm, hashamatli turizm, kinoturizm va ziyorat turizmi kiradi.
Ta’kidlanishicha, sayyohlarning dindor qatlami uchun O‘zbekiston yanada qiziqarli yo‘nalishga aylanib bormoqda. Tarixiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari Buyuk ipak yo‘li merosi, muhtasham islom me’morchiligi va qadimiy yahudiy merosi yodgorliklarining noyob uyg‘unligini taqdim etadi.
“Jewish Traveler” nashrining qayd etishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning eng qadimiy jamoalaridan biri bo‘lgan buxorolik yahudiylar bilan bog‘liq tarixiy ibodatxonalar va obyektlarni ziyorat qilish, “Ajdodlar izidan sayohat” yo‘nalishlariga qiziqish ortib bormoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi