“Jordan Strategy Forum”: O‘zbekistonning iqtisodiy sohadagi tajribasi eʼtirofga loyiq

Avgust 26, 2026. 19:00 • 2 daq

77
“Jordan Strategy Forum”: O‘zbekistonning iqtisodiy sohadagi tajribasi eʼtirofga loyiq

AMMON, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. “Jordan Strategy Forum” saytida “Iordaniyada iqtisodiy murakkablik: O‘zbekiston tajribasidan olingan saboqlar” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada Iordaniyaning 2012–2024-yillardagi iqtisodiy murakkablik indeksi dinamikasi tahlil qilinib, O‘zbekistonning milliy iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish borasidagi tajribasi ijobiy namuna sifatida taqdim etilgan.

Tahlilda qayd etilishicha, Iordaniyaning iqtisodiy murakkablik indeksi pasayib, mamlakat global reytingda 146 ta davlat orasida 64-o‘rindan 75-o‘ringa tushgan. 2009-yildan buyon mamlakatning eksport portfeli bor-yo‘g‘i 6 ta yangi mahsulot pozitsiyasi bilan boyigan, xolos.

O‘zbekiston esa iqtisodiy murakkablik sohasida eng yuqori o‘sish surʼatlaridan birini namoyish etgani alohida taʼkidlanadi. Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston global reytingda 101-o‘rindan 70-o‘ringa ko‘tarilib, o‘z eksport portfeli tarkibini sezilarli darajada kengaytirdi va diversifikatsiya qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda mamlakat eksporti tarkibiga 70 ta yangi mahsulot pozitsiyasi kiritildi. Ularning ulushi umumiy eksport hajmining 10 foizini tashkil etdi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning oshishiga qo‘shgan hissasi esa 66 AQSH dollariga baholandi.

O‘zbekistonning umumiy eksport hajmi 6,6 milliard dollardan 23,6 milliard dollargacha, YAIM hajmi 115 milliard dollarga yetgani, sanoatning YAIMdagi ulushi esa 19,8 foizdan 31,8 foizga ortgani ko‘rsatib o‘tilgan. Harvard universitetining prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘rtacha yillik o‘sish surʼati 2034-yilgacha qariyb 5,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Maqolada O‘zbekiston tajribasi asosan xom ashyoga yo‘naltirilgan eksport modelidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega, ishlab chiqarish salohiyatiga tayanadigan diversifikatsiyalashgan modelga o‘tishning yorqin namunasi sifatida ko‘rsatilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish