Uzoq Sharq korxonasi O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan mehnat faoliyatiga jalb qilishdan manfaatdor

Avgust 06, 2026. 19:00 • 2 daq

41
Uzoq Sharq korxonasi O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan mehnat faoliyatiga jalb qilishdan manfaatdor

VLADIVOSTOK, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasida Rossiyaning “1470 UMTO” AJ direktori Igor Temchixin bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda vatandoshlarimizni ishga jalb etish va ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Korxona vakillari temir-beton buyumlari ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq yo‘nalishlar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida maʼlumot berdi.

Igor Temchixin taʼkidlashicha, ayni paytda korxona qator yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlarga ehtiyoj sezmoqda. Uning fikricha, korxona O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb etishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan u O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirib, ishchilarni tanlash va yo‘naltirish jarayonida amaliy ko‘mak ko‘rsatish masalasida murojaat qildi.

Bosh konsulxona diplomatlari O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, fuqarolarni xorijda qonuniy ravishda ishga joylashtirish tartibi haqida maʼlumot berdi.

Korxona vakillariga Migratsiya agentligi bilan hamkorlik o‘rnatish tartibi, tegishli kelishuv loyihasining asosiy qoidalari hamda sheriklikni rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlar to‘plamiga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi.

Uchrashuv yakunida “1470 UMTO” AJ tomonidan O‘zbekiston tomoniga belgilangan tartibda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun zarur hujjatlar ilova qilingan rasmiy murojaat yo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish