Toshkentdan Britaniyaning Manchester shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda
Avgust 07, 2026. 09:00 • 2 daq
• 60
MANCHЕSTЕR, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning Manchester shahrida “Manchester Airports Group” (MAG) kompaniyasining korporativ masalalari bo‘yicha direktori Ris Uolli bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirish, xususan, “Toshkent – Manchester” yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Xorij tomoni Manchester aeroporti Buyuk Britaniyaning shimoli va Shimoliy Yevropadagi eng yirik transport-logistika markazlaridan biri ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, aeroport orqali yillik yo‘lovchilar oqimi 32 million nafardan oshgan. Mavjud ikki uchish-qo‘nish yo‘lagi esa kelgusida bu ko‘rsatkichni 70 million nafargacha oshirish imkonini beradi.
O‘zbekistonda ham aviatsiya sohasidagi jadal rivojlanish kuzatilayotgani hamda mahalliy aviakompaniyalar salohiyatining ortib borayotgani “Toshkent – Manchester” yo‘nalishini ochish uchun mustahkam asos hosil qilayotganligi urg‘ulandi.
Britaniya tomoni mazkur aviaqatnov nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes va turizm aloqalarini mustahkamlash, balki O‘zbekistonning Yevropa va boshqa mintaqalar bilan tranzit aviabog‘liqligini kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Ris Uolli o‘zbekistonlik aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va loyihani amalga oshirishda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etishda yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldi.
“Manchester Airports Group” (MAG) – Buyuk Britaniyaning eng yirik aeroport operatori bo‘lib, Manchester, London Stensted va Ist-Midlends aeroportlarini boshqaradi. Kompaniya 2001-yilda tashkil etilgan. O‘tgan yili mazkur aeroportlar orqali 54 million nafar yo‘lovchi parvoz qilgan bo‘lib, MAG Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga 8 milliard funt sterlingdan ortiq hissa qo‘shgan. Kompaniyada bevosita 7 ming nafardan ortiq xodim mehnat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi