O‘zbekiston Prezidenti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

Iyun 18, 2026. 14:43 • 2 daq

16
O‘zbekiston Prezidenti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Yangi O‘zbekistonda islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va keng ko‘lamli sheriklikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Ushbu yetakchi ko‘p tomonlama moliyaviy institut bilan strategik sheriklik bugungi kunda har qachongidan ham yuqori darajada ekani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugun O‘zbekiston YETTBning mintaqadagi eng yirik hamkori hisoblanadi. Ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarning umumiy portfeli 7 milliard dollardan oshdi. Investitsiyalarning katta qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Ekologik transportni rivojlantirish, temir yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish, tadbirkorlik, ipoteka bozori va mamlakat startaplar ekotizimini qo‘llab-quvvatlash sohalarida yangi kelishuvlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni kreditlash ko‘lamini kengaytirish, jumladan, eksportni moliyalashtirish, ayollar va yoshlarni biznes yuritishga o‘qitish dasturlarini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish hamda bank-moliya sektorini transformatsiya qilish jarayonlarida ishtirok etish va boshqa yo‘nalishlar ustuvor etib belgilandi.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va transport infratuzilmasi sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish bo‘yicha rejalar qo‘llab-quvvatlandi.

Loyihalarni tayyorlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda ularni amalga oshirish samaradorligini yaxshilash maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlarini jalb etishdan manfaatdorlik bildirildi.

Xorijiy investorlar kengashining bo‘lajak to‘rtinchi yig‘ilishi kun tartibi ham ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish