Xitoy BMT Bosh kotibi saylovi borasidagi o‘z pozitsiyasini potensial nomzod bilan uchrashuvda ma’lum qildi
Iyun 05, 2026. 16:55 • 2 daq
• 32
PЕKIN, 5 iyun. /“Dunyo” AA/. Xitoy Birlashgan Millatlar Tashkilotining navbatdagi bosh kotibini saylash jarayonida faol ishtirok etish va jahon tashkilotining rolini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanini e’lon qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri “Sinxua” axborot agentligi ma’lumotiga tayanib.
Bu haqda XXR Tashqi ishlar vaziri Van I BMT rahbari lavozimiga ehtimoliy nomzodlar qatorida ko‘rilayotgan Chili sobiq prezidenti Mishel Bachelet bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Pekin bosh kotib lavozimiga nomzodlarni ko‘rib chiqishda mas’uliyatli va konstruktiv yondashadi. Mamlakat BMT samaradorligini oshirish, uning nufuzini yuksaltirish va zamonaviy xalqaro chaqiriqlarga javob berish qobiliyatini mustahkamlashga ko‘maklashish niyatida.
TIV rahbari BMT o‘zgaruvchan global vaziyatga moslashishi hamda xavfsizlik, taraqqiyot va xalqaro hamkorlik bilan bog‘liq global muammolarni hal qilishda yetakchi o‘rinni saqlab qolishi kerakligini ta’kidladi.
Mishel Bachelet uchrashuvda BMT global chaqiriqlar sharoitida davlatlarning o‘zaro hamkorligi uchun o‘rni beqiyos platforma bo‘lib qolayotganini qayd etib, tashkilot o‘z Nizomiga tayanishi va uchta asosiy yo‘nalish – tinchlikni saqlash, taraqqiyot va inson huquqlarini himoya qilishga ustuvor e’tibor qaratishi lozimligini aytdi.
Chilining sobiq prezidenti, shuningdek, Xitoy va boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi hamda Pekinning ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va BMT faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi.
Eslatib o‘tamiz, BMTning yangi bosh kotibini saylash jarayoni 2025-yil oxirida boshlangan edi. Tashkilotning amaldagi rahbari Antoniu Guterrishning vakolatlari shu yilning 31-dekabrida nihoyasiga yetadi. Bosh kotib Xavfsizlik Kengashining tavsiyasiga ko‘ra tayinlanadi va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlanadi. Vakolat muddati qayta saylanish imkoniyati bilan besh yilni tashkil etadi. An’anaga ko‘ra, nomzod Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosi – Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH yoki Fransiyadan bo‘lishi mumkin emas.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“Hizbulloh” davom etayotgan jangovar harakatlar fonida Isroil va Livan o‘rtasida erishilgan kelishuvni rad etdi

Daniya Bosh vaziri yangi koalitsion hukumatni muvaffaqiyatli shakllantirib, o‘z lavozimini saqlab qoldi


