Berlinda O‘zbekiston–Germaniya hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Iyun 05, 2026. 14:25 • 2 daq

14
Berlinda O‘zbekiston–Germaniya hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

BЕRLIN, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Berlin federal o‘lkasining iqtisodiyot, sanoat, siyosat, madaniyat va ilm-fan sohalaridagi nufuzli vakillarini birlashtiruvchi “Berliner Freitagsrunde” tashkiloti bilan hamkorlikda tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda mazkur tashkilotning 100 nafarga yaqin a’zolari, jumladan, ishbilarmon doiralar vakillari, jamoatchilik namoyandalari, ekspertlar hamda madaniy-gumanitar sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, sanoat kooperatsiyasi, kasbiy ta’lim, malakali kadrlar tayyorlash va turizm sohalarida yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekiston–Germaniya munosabatlarining bugungi dinamikasi, ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish istiqbollari alohida qayd etildi.

Elchi Dilshod Axatov o‘z nutqida Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi. U ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar iqtisodiyot, investitsiyalar, sanoat, ta’lim, mehnat migratsiyasi, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlanayotganini qayd etdi. 

Diplomat Yangi O‘zbekistondagi ochiqlik, iqtisodiy liberallashuv va institutsional islohotlar nemis kompaniyalari, ekspertlar va jamoatchilik institutlari uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini ma’lum qildi. Shu bois, Berlin ishbilarmon va intellektual doiralari bilan amaliy muloqotni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

“Berliner Freitagsrunde” tashkiloti boshqaruvchi direktori Mixael Vayzer o‘z chiqishida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatning Germaniya bilan hamkorlik salohiyati tashkilot a’zolarida katta qiziqish uyg‘otganini e’tirof qildi. U poytaxtdagi mazkur uchrashuv o‘zaro muloqotni kengaytirish va amaliy aloqalarni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat ekanini qayd etdi.

Tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, nemis ishbilarmon va jamoatchilik doiralari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Bunday uchrashuvlar mamlakatimizning iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim, turizm va madaniy salohiyatini yaqindan tanishtirish, shuningdek, yangi amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim imkoniyat ekani ta’kidlandi.

Ishtirokchilar tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va sheriklikni mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni faollashtirish hamda istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha muloqotni izchil davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish