Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi
Avgust 15, 2026. 17:00 • 2 daq
• 46
SHANXAY, 15-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasida “China Railway Prefabricated Construction” (CRPC) kompaniyasi bosh direktori Van Pin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot jarayonida tomonlar qurilish va infratuzilma yo‘nalishidagi hamkorlik munosabatlarini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Van Pinning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda va investitsiyalar hajmi oshib bormoqda. Qurilish sohasi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining muhim drayverlaridan biriga aylandi.
Suhbat davomida yirik infratuzilma loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, issiqlik ta’minoti, transport, tibbiyot, ta’lim va uy-joy qurilishi sohalarini qamrab olgan “Yangi Toshkent” loyihasi xususida fikr almashildi.
CRPC vakili “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha tarixiy loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotganini ma’lum qildi. Ayni paytda kompaniya loyiha doirasida qurilish uchun po‘lat va metall konstruksiyalar yetkazib bermoqda.
Kompaniya rahbari O‘zbekistonda uy-joy, temir va avtomobil yo‘llari, turistik obyektlar qurilishi, teplovozlarga xizmat ko‘rsatish, temir yo‘llarni elektrlashtirish hamda ekologik toza qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Xitoy kompaniyasi vakillari hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekistonga tadbirkorlardan iborat delegatsiya yuborish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi