“Islomobod Post”: O‘zbekiston xalqaro huquq tilini qabul qilib, global moliyaviy tizimning bir qismiga aylanmoqda
Iyul 22, 2026. 10:00 • 2 daq
• 123
ISLOMOBOD, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning nufuzli “Islomobod Post” gazetasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Dildora Kamalovaning “O‘zbekiston xalqaro huquq tilini qabul qilib, global moliyaviy tizimning bir qismiga aylanmoqda” sarlavhali tahliliy maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi qonun mamlakat huquqiy tizimida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlardan biri hisoblanadi. U investorlar uchun yuqori darajadagi huquqiy kafolatlarni taʼminlaydi, yaʼni qonunosti hujjatlari uning normalariga zid bo‘lishi mumkin emas. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qator kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Maqolada Toshkent xalqaro moliya markazining (TXMM) huquqiy tizimi Angliya huquqi va adolat tamoyillariga asoslanishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, markaz hududida mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etilishi hamda unga xalqaro miqyosda tan olingan yuqori malakali sudyalar jalb etilishi qayd etilgan.
“Islomobod Post” nashri TXMM ishtirokchilariga kapital va daromadlarni erkin repatriatsiya qilish, xorijiy valyuta hamda raqamli aktivlar bilan operatsiyalar amalga oshirish imkoniyatlari kafolatlanganini taʼkidlaydi. Markaz faoliyati to‘rtta mustaqil organ — kengash, maʼmuriyat, moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va tijorat sudi tomonidan taʼminlanadi. Bunda Kengash aʼzolarining kamida uchdan bir qismi xalqaro mustaqil ekspertlardan iborat bo‘lishi belgilangan.
Maqolada xulosa qilinishicha, Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi O‘zbekistonning global moliyaviy tizimdagi ishtirokini kengaytirish va xalqaro standartlarga mos ishonchli moliyaviy maydon yaratish yo‘lidagi muhim strategik qadamlaridan biri hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi