Polsha OAV: O‘zbekistonda besh yil ichida yangi xalqaro aeroport quriladi

Iyul 22, 2026. 12:00 • 2 daq

82
Polsha OAV: O‘zbekistonda besh yil ichida yangi xalqaro aeroport quriladi

VARSHAVA, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Polshaning ommabop “Wnp” axborot portalida O‘zbekiston transport-logistika infratuzilmasi rivoji hamda Toshkentda bunyod etilishi rejalashtirilgan yangi xalqaro aeroport loyihasiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston mintaqadagi markaziy geografik joylashuvidan unumli foydalanib, mamlakatni yirik xalqaro aviatsiya va logistika xabiga aylantirmoqda.

Polshalik ekspertlar eʼtiborini, ayniqsa, muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirish surʼatlari jalb etgan. Xususan, poytaxtdan 24 km uzoqlikda joylashadigan yangi xalqaro aeroport loyihasi kelgusi besh yil ichida yakunlanishi haqida maʼlumot berilgan.

Yangi majmua yiliga 20 million nafargacha yo‘lovchi va 129 ming tonna yukka xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi hamda keyinchalik bu ko‘rsatkichni ikki baravarga oshirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.

Nashrda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi alohida qayd etilgan. Qiymati qariyb 3 milliard yevroga teng bo‘lgan yangi aeroport qurilishi davlat mulki saqlab qolingan holda, “Vision Invest” (Saudiya Arabistoni), “Sojitz Corporation” (Yaponiya) va “Incheon International Airport Corporation” (Janubiy Koreya) kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium tomonidan amalga oshiriladi.

Portalning xulosa qilishicha, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, aviatsiya sohasini liberallashtirish, xususiy aviakompaniyalarni jalb etish va infratuzilmani keng ko‘lamli modernizatsiya qilish mamlakat transport tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish