Leya Gutierres: O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energetika sohasida uzoqni ko‘zlagan investitsiya dasturini amalga oshirmoqda

Noyabr 12, 2026. 10:00 • 3 daq

• 29
Leya Gutierres: O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energetika sohasida uzoqni ko‘zlagan investitsiya dasturini amalga oshirmoqda

ANTALIYA, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti bosh direktori Leya Gutierres “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida COP31 doirasida ochilgan O‘zbekiston paviloni haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi hamda bankning “yashil” taraqqiyot sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi.

– O‘zbekiston paviloni kishida unutilmas taassurot qoldiradi. Pavilon mamlakatning boy qishloq xo‘jaligi salohiyati hamda mahsulotlari xilma-xilligini a’lo darajada aks ettirgan. Ayniqsa, uzumzor konsepsiyasi juda mohirona ochib berilgan, me’moriy va dizaynerlik yechimi O‘zbekistonning tabiiy va ekologik yo‘nalishini uyg‘un tarzda namoyon etmoqda.

Pavilon nafaqat o‘ziga xos bezagi, balki mehmondo‘stlik ruhi ufurib turgan muhiti bilan ham e’tiborni tortadi. Mehmonlar bu yerda to‘xtab, mamlakatga katta qiziqish bildirmoqda, savollar berib, O‘zbekiston haqida yanada ko‘proq bilishga intilmoqda. 

Shu tariqa, pavilon shunchaki ko‘rgazma maydoni emas, balki mamlakat madaniyati, salohiyati va erishgan yutuqlari bilan yaqindan tanishtiruvchi chinakam muloqot maydoniga aylangan. Ushbu maskanni yaratishda ishtirok etgan barcha mutaxassislarni samimiy qutlayman.

O‘zbekiston Prezidentining “yashil” taraqqiyot borasida olib borayotgan izchil siyosatini alohida e’tirof etmoqchiman. Mamlakat qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yo‘lida jadal ildamlayotgani diqqatimni tortdi. Xususan, pavilondagi taqdimot mazkur sohaga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar ko‘lamini yaqqol ko‘rsatib berdi.

O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energetika sohasida istiqbolli investitsiya dasturini shakllantirgan holda, chin ma’noda uzoqni ko‘zlagan yondashuvni namoyish qilmoqda. Bu yuksak e’tirofga munosibdir, boisi bunday tashabbuslar nafaqat milliy iqlim maqsadlariga erishish, balki uzoq muddatli energetik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Osiyo taraqqiyot bankining “yashil” energetika bo‘yicha yondashuvi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, biz hozirda quyosh va shamol energetikasini rivojlantirishga investitsiyalar kiritmoqdamiz hamda ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.

Shu bilan birga, bizning yondashuvimiz faqat ayrim texnologiyalar yoki muayyan mamlakatlar bilangina cheklanib qolmaydi. Biz Markaziy Osiyoning har bir davlatiga xos xususiyatlar va ehtiyojlarni inobatga olgan holda, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish imkoniyatlarini kompleks tarzda ko‘rib chiqmoqdamiz.

Quyosh va shamol energetikasidan tashqari, gidroenergetika ham ulkan salohiyatga ega. Ustuvor yo‘nalishlarni tanlash esa har bir mamlakatning tabiiy sharoiti, energetik imkoniyatlari hamda milliy xususiyatlariga tayanadi.

Shu bois Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda ham, butun mintaqada ham energetikaning barqaror transformatsiyasiga xizmat qiladigan turli loyihalarni ko‘rib chiqishga va samarali yechimlarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish