Logo

O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari Buxoroning Ark qo‘rg‘on, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualari bilan tanishdilar

Mart 27, 2026. 16:29 • 2 daq

27
O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari Buxoroning Ark qo‘rg‘on, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualari bilan tanishdilar

TOSHKENT, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualari bilan tanishdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Ark qo‘rg‘oni Buxoroning qadimiy qal’asi bo‘lib, qariyb 1500-yil davomida hukmdorlar qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Uning dastlabki binolari miloddan avvalgi IV-III asrlarga mansub bo‘lib, hozirgi ko‘rinishi asosan XVI asrda shakllangan. Ilgari u saroylar, ma’muriy binolar, qurolxonani o‘z ichiga olgan “shahar ichidagi shahar” bo‘lgan. O‘rta asrlarda bu yerda Rudakiy, Ibn Sino va keyinchalik Umar Xayyom kabi buyuk mutafakkirlar yashab, ijod qilgani qayd etildi.

Poi Kalon majmuasi Buxoroning eng ulug‘vor va mashhur me’moriy ansambllaridan biri sifatida tojikistonlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. U 1127-yilda qurilgan mashhur 45,6 metrli minora, 1514-yilda barpo etilgan va 12 ming kishini sig‘dira oladigan jome masjidi, shuningdek, islom olamining eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Mir Arab madrasasini o‘z ichiga oladi. Masjid hovlisini o‘rab turgan 288 ta gumbazli galereya, yuzlab ustunlar va noyob akustika majmuaga alohida ulug‘vorlik bag‘ishlaydi.

Labi Hovuz ansambli Buxoroda saqlanib qolgan o‘rta asrlarga oid sanoqli maydonlardan biri bo‘lib, uning markazida qadimiy hovuz joylashgan. Asrlar davomida shahar aholisi bu yerga dam olish, suhbatlashish va savdo qilish uchun kelgan. Majmua tarkibiga Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi kiradi.

Tojikiston yetakchisi har bir tarixiy obidaning badiiy uyg‘unligi, milliy hunarmandchilik namunalari va tarixiy eksponatlarga katta qiziqish bildirdi. Oliy martabali mehmonga me’moriy uslubning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, naqshlar va ramzlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Buxoroning boy tarixi, Buyuk ipak yo‘lidagi o‘rni, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida hikoya qiluvchi bu qadamjolar Tojikiston delegatsiyasida chuqur taassurot qoldirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish