O‘zbekiston va Turkman yetakchilari telefon orqali muloqotda ikki tomonlama sheriklikning jadal surʼatidan mamnun ekanliklarini bildirdilar
Dekabr 29, 2025. 17:32 • 2 daq
• 8
TOSHKENT, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida yetakchilar bir-birlarini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklab, ikki mamlakatning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar. Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham samimiy salomini yo‘lladi.
O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Barcha darajalardagi muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi jadal o‘sib bormoqda. Energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida hamkorlik kengaymoqda. “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi. Hududlararo, ishbilarmonlik, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalari ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Avazada yirik sammitlar, Ashxobodda Turkmaniston betarafligining 30-yilligi hamda “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” munosabati bilan tashkil etilgan forum muvaffaqiyatli o‘tkazilganini alohida taʼkidladi.
Kelgusi yilda bo‘lajak uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy tadbirlarni birgalikda o‘tkazishni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi