Varshavada O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Mart 29, 2026. 15:30 • 2 daq
• 11
VARSHAVA, 29-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Varshava shahrida“O‘zbekiston - Buyuk ipak yo‘li durdonasi” mavzusida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Polshaning “AB Poland Travel”, “Olimp Air Biuro Podróży”, “Travolo.pl”, “Barents.pl”, “Torre.pl”, “Dream Go”, “Górskie Biuro Podróży” va boshqa sayyohlik kompaniyalari, shuningdek, “LOT Polish Airlines”, “Air Arabia”, “Turkish Airlines”, Polsha-O‘zbekiston savdo palatasi, “Ambasador” jurnali vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida davra suhbati o‘tkazilib, unda ishtirokchilar O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishdilar. Shuningdek, mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muloqot davomida tomonlar hamkorlikni yana-da kengaytirish va qo‘shma turizm loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Uchrashuvlar yakunida polshalik ishtirokchilar tadbir haqidagi samimiy fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Yanush Pexochinskiy, Polsha-Osiyo savdo palatasi prezidenti, Polsha bosh vaziri sobiq o‘rinbosari:
- Polshaliklarda O‘zbekistonning betakror tabiati, boy tarixi va yuksak madaniyatiga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ishlab chiqarish, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar ham keng eʼtiborni jalb etmoqda.
2024 yilda “LOT” aviakompaniyasi Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi va O‘zbekiston havo yo‘llari ham o‘z parvozlarini boshlashini kutmoqdamiz.
Ada Kjeviska, “Ambasador” jurnali bosh muharriri:
- Bugungi tadbir ham O‘zbekistonning Polsha hamda polyak jamiyati bilan hamkorlikka qanchalik ochiq ekanini yaqqol namoyon etadi.
Mamlakatingiz polyak sayyohlari uchun nihoyatda jozibador maskan hisoblanadi. Ko‘plab polyaklar O‘zbekistonga tashrif buyurishni mamnuniyat bilan tanlaydilar, zero bu yerda nafaqat go‘zal tabiatdan bahramand bo‘lish, balki o‘zbek xalqiga xos samimiy mehmondo‘stlikni his etish mumkin. Ishonchim komilki, bugungi kabi tadbirlar polyak sayyohlarini O‘zbekistonga tashrif buyurishga yana-da ko‘proq rag‘batlantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi