“Paxtakor-79” xotirasiga bag‘ishlab O‘zbekiston va Rossiya havaskor futbol jamoasi o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazildi

Avgust 18, 2026. 18:00 • 2 daq

22
“Paxtakor-79” xotirasiga bag‘ishlab O‘zbekiston va Rossiya havaskor futbol jamoasi o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazildi

PETROZAVODSK, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. 1979-yilgi aviahalokatda qurbon bo‘lgan “Paxtakor” futbolchilari xotirasiga bag‘ishlab O‘zbekiston va Rossiya havaskor futbol jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘yin Petrozavodsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Xalqlar do‘stligi kubogi” xalqaro sport festivali doirasida tashkil etildi. Ushbu tadbir Kareliya Respublikasi rahbarining grantlar jamg‘armasi, “Tashabbus” NNT hamda mamlakatimizning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida amalga oshirildi.

Madaniy-maʼrifiy uchrashuvlarda sportchilar, futbol jamoatchiligi vakillari hamda Kareliya Respublikasi o‘zbekistonliklar birlashmasi jamoat tashkiloti aʼzolari qatnashdi.

Tadbirda O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari fojia qurbonlari xotirasiga hurmat ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi uchun tashkilotchilarga alohida minnatdorlik bildirdi.

“Tashabbus” tashkiloti rahbari Yuriy Starodubsevning taʼkidlashicha, ushbu tadbir 2019-yildan buyon anʼanaviy ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Bunday tashabbuslar yosh avlod uchun namuna bo‘lishi, ularda ham kelgusida o‘tganlar xotirasiga hurmat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Kareliya Respublikasi o‘zbekistonliklar birlashmasi rahbari Yadgarbek Muxtorov “Paxtakor-79” fojiasi o‘zbekistonliklar uchun milliy g‘urur va umumiy qayg‘u ramzi bo‘lib qolishini bildirdi.

Uchrashuvda qatnashganlar bu kabi ezgu loyihalar xalq diplomatiyasining samarali vositasi bo‘lib, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini eʼtirof etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish