O‘zbekiston Prezidenti Xivadan Urganchga yangi avtomobil yo‘li orqali qaytdi
Avgust 18, 2026. 18:15 • 2 daq
• 8
TOSHKENT, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng yangi “Urganch – Xiva” pullik avtomobil yo‘li bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda zamonaviy yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, transport qatnovi tezligi va xavfsizligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yil 5-avgust kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunda pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etishning huquqiy asoslari belgilandi. Bunda haydovchilar uchun muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi asosiy shart hisoblanadi.
Urganch aeroporti va Xiva shahri o‘rtasidagi yangi avtomobil yo‘li aholi va sayyohlar uchun xavfsiz, tezkor va qulay harakatlanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Loyiha doirasida 35 kilometr avtomobil yo‘li, 1 ta yer osti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.
Mavjud yo‘l orqali Urganchdan Xivaga yetib borishga 45-50 daqiqa vaqt sarflansa, yangi to‘rt tasmali magistralda bu vaqt 15-17 daqiqagacha qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega.
Transport oqimi va to‘lovlarni boshqarish sunʼiy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, avtobuslardan to‘lov transport vositasini to‘xtatmagan holda elektron shaklda undiriladi.
Yo‘l bo‘yida xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Yo‘l qoplamasining yuqori qatlamlarida issiq iqlimga chidamli maxsus modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan foydalanilgan. Qoplamaning umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi.
Yangi magistral Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnovlarni yana-da tezlashtirish va qulaylashtirish, sayyohlar uchun transport imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududning yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi