Pekinda 2 mingdan ortiq robot ishtirokida II Butunjahon gumanoid o‘yinlari bo‘lib o‘tadi

Avgust 18, 2026. 17:00 • 3 daq

99
Pekinda 2 mingdan ortiq robot ishtirokida II Butunjahon gumanoid o‘yinlari bo‘lib o‘tadi

PEKIN, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. 22–26-avgust kunlari Pekinda 16 mamlakatdan 666 ta jamoaning 2056 ta gumanoid roboti ishtirokida II Butunjahon gumanoid robotlar o‘yinlari bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Sinxua” axborot agentligiga tayanib.

Turnir Milliy yopiq konkida uchish stadionida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar orasida AQSH, Germaniya, Yaponiya, Braziliya va boshqa mamlakatlardan kelgan jamoalar bor.

Ishtirokchilarning asosiy qismini Xitoyning robototexnika sohasi vakillari tashkil etadi. Ular 641 ta jamoa, 157 ta kompaniya, universitet va ilmiy-tadqiqot muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan 1975 ta robotni ro‘yxatdan o‘tkazgan.

2025-yil avgust oyida o‘tkazilgan birinchi o‘yinlarga qaraganda, bu gal robotlar soni to‘rt baravardan ko‘proqqa oshgan. O‘shanda musobaqalarda 16 davlatdan 280 ta jamoaning 500 dan ortiq gumanoid roboti qatnashgan edi.

Bu yil musobaqa dasturi ancha kengaytirilgan. Unga stol tennisi, uzunlikka sakrash, og‘ir atletika va arqon tortish kabi 30 dan ziyod yo‘nalishdagi yangi sport turlari kiritilgan.

Musobaqalar robotlarning harakatni boshqarish, konstruksiya va asosiy qismlari bo‘yicha imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishi lozim. Bir qator yo‘nalishlar uchun tashkilotchilar talablarni kuchaytirgan: robotlar vazifalarni masofadan boshqarilmasdan, mustaqil ravishda bajarishi shart.

Haqiqiy hayotga yaqinlashtirilgan sharoitlardagi sinovlar alohida blokni tashkil etadi. Robotlar modellashtirilgan mehmonxonalar, korxonalar, turar joylar va logistika obyektlarida ishlashiga to‘g‘ri keladi. Topshiriqlar qatoridan yig‘ish, tozalash, favqulodda vaziyatlarga chora ko‘rish va kutubxonalarda kitoblarni saralash kabi vazifalar o‘rin olgan.

Shu tariqa, tashkilotchilar mashinalarning nafaqat sport qobiliyatini, balki murakkab sharoitlarda amaliy vazifalarni bajarishga tayyorligini ham sinab ko‘rish niyatida.

Pekin shahar iqtisodiyot va axborot texnologiyalari boshqarmasi direktori Szyan Guanchji taʼkidlashicha, ko‘plab musobaqa qoidalari kelajakda amaliy texnik standartlarga aylanishi mumkin va bu texnologik ishlanmalarning sinov bosqichidan sanoatda qo‘llashga o‘tishini tezlashtiradi.

“Robotlar ushbu «so‘nggi metr» ko‘nikmalarini o‘zlashtirishi bilanoq, medallarni buyurtmalarga aylantirib, musobaqa maydonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqiqiy ish joylariga o‘ta oladi”, — dedi Szyan Guanchji.

Bu galgi o‘yinlar nafaqat gumanoid robotlarning imkoniyatlarini namoyish etish, balki ularning tijoriy foydalanishga yaroqliligini baholash uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Taʼkidlanishicha, ishlab chiqaruvchilar mashinalarning inson ishtirokini minimal darajada talab etgan holda real ish vazifalarini qay darajada samarali bajara olishini ko‘rsatib berishi kerak.

Avvalroq Xitoy 2026-yilda 100 mingta gumanoid robot ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish