Shahrisabz “Jahon hunarmandchilik shahri” rasmiy maqomini oldi
Avgust 18, 2026. 16:30 • 2 daq
• 49
SHAHRISABZ, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tgan “Iroqi” kashtachilik xalqaro festivalining yopilish marosimi doirasida shaharning hunarmandchilik sohasidagi xalqaro maqomiga bag‘ishlangan muhim tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, marosim davomida “AISBL” Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Qaddumi Shahrisabz shahriga 2026-yilda kashtachilik yo‘nalishi bo‘yicha “Jahon hunarmandchilik shahri” maqomi berilganini rasman eʼlon qildi.
Shahrisabzga ushbu xalqaro maqomning berilishi shaharda shakllangan ko‘p asrlik hunarmandchilik anʼanalari, xususan, milliy kashtachilik sanʼatining betakror yo‘nalishi bo‘lmish “Iroqi” uslubining xalqaro miqyosda eʼtirof etilganidan dalolat beradi.
Tadbir doirasida “Jahon hunarmandchilik shahri” maqomini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyevga tantanali ravishda topshirildi.
Ushbu maqom Shahrisabzning hunarmandchilik va madaniy meros sohasidagi xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlash, milliy hunarmandchilik anʼanalarini keng ommalashtirish, mahalliy ustalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda shaharning turistik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, mazkur eʼtirof Shahrisabzni xalqaro turistik bozorlarda hunarmandchilik va madaniy turizmning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi