Ma Bin: Yangi O‘zbekiston tarixiy anʼana va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unlashgan zamin
Avgust 25, 2026. 20:25 • 3 daq
• 332
SHANXAY, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Fudan universiteti Rossiya va Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi direktori Ma Bin mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalo, O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
O‘zbekiston istiqlolga erishgandan so‘ng mamlakatda besh asosiy tamoyilga asoslangan o‘zbek modeli shakllantirildi: davlat – bosh islohotchi, iqtisodiyotning siyosatdan ustuvorligi, qonunning bosh mezon ekani, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish va bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish. Ushbu konsepsiya keyingi keng ko‘lamli o‘zgarishlar uchun muhim poydevor bo‘ldi.
2016-yilda Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishgach, O‘zbekistonda “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Bu islohotlar siyosiy va huquqiy tizim, iqtisodiyot hamda tashqi siyosatni qamrab oldi. Mamlakatda ochiqlik va qonun ustuvorligini taʼminlash, bozor tamoyillarini kuchaytirish va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Natijada, O‘zbekiston mustaqillik yillaridagi eng muhim va chuqur o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi.
O‘zbekistonning bugungi yutuqlari tasodifiy emas. Ular mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosini tiklash va zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan islohotlar samarasidir.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan bo‘lib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston bilan chegaradosh. 39 milliondan ortiq aholisi bilan u mintaqadagi eng katta aholiga ega mamlakat bo‘lib, yirik isteʼmol va mehnat bozorini shakllantiradi.
Qadimdan O‘zbekiston hududi Buyuk Ipak yo‘lining muhim qismi bo‘lgan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo va madaniy aloqalar markazi bo‘lish bilan birga, ilm-fan va madaniyat rivojlangan muhim maskanlar sifatida ham mashhur bo‘lgan.
Bugun mamlakat qadimiy Ipak yo‘lining muhim hududidan Markaziy Osiyoning zamonaviy transport-logistika markazi va Transkaspiy yo‘lagining muhim bo‘g‘iniga aylanib bormoqda. Mamlakat xalqaro sammitlarga mezbonlik qilib, mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Tarixiy mavqe va zamonaviy taraqqiyotning uyg‘unligi mamlakatning mintaqaviy hamda xalqaro maydondagi nufuzi va taʼsirini tobora oshirmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun muhim maqsad va vazifalarni belgilab bermoqda. Islohotlar izchil davom etib, ochiqlik siyosati yana-da mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik O‘zbekistonning iqtisodiy va geosiyosiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Qadimiy Ipak yo‘lining muhim markazi bo‘lgan O‘zbekiston bugun o‘zining tarixiy va madaniy merosiga tayangan holda, yangi taraqqiyot va tiklanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi