Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda chorvachilik va agroturizm majmuasini qurishga qiziqish bildirdi
Iyun 26, 2026. 08:10 • 2 daq
•
KUALA-LUMPUR, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning “Farm Fresh @ UPM” kompaniyasi direktori Azmi bin Zaynal bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Farm Fresh @ UPM” majmuasi Malayziya Putra universiteti bilan hamkorlikda chorvachilik, agroturizm, umumiy ovqatlanish va taʼlim dasturlarini o‘zida birlashtirgan agropark hisoblanadi. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur obyektga har yili 300 minggacha kishi tashrif buyuradi va u talabalar uchun amaliyot bazasi sifatida ham qo‘llaniladi.
Uchrashuv davomida kompaniya vakillari Malayziyada sut sanoatining rivojlanishi, qoramol zotlarini mahalliy iqlim sharoitlariga moslashtirish borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Taʼkidlanishicha, kompaniya fermalarida bir bosh sigirning o‘rtacha sut mahsuldorligi kuniga 18-20 litrni tashkil etadi.
Tomonlar O‘zbekistonda Malayziya modeli singari chorvachilik va agroturizm majmuasi loyihasini amalga oshirish imkoniyatini muhokama qildi. “Farm Fresh” vakillari sohaga oid mutaxassislarni jalb etgan holda taklifni o‘rganishga va uni kompaniya direktorlar kengashi darajasida ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
2009-yilda tashkil etilgan “Farm Fresh Berhad” kompaniyasi Malayziyadagi eng yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Malayziya va Avstraliyada o‘z fermalari hamda qayta ishlash quvvatlariga ega bo‘lgani tufayli kompaniya mintaqaviy bozorda mustahkam o‘rin egallab, agrosanoat sohasida barqaror rivojlanishni namoyon etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi