Serj Rumin: Markaziy Osiyo dunyoga muloqot va ishonch kuchini namoyish etmoqda

Iyun 25, 2026. 19:30 • 6 daq

109
Serj Rumin: Markaziy Osiyo dunyoga muloqot va ishonch kuchini namoyish etmoqda

TOSHKENT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Shveysariyaning YXHTdagi amaldagi raisining muloqot va ishonchni mustahkamlash bo‘yicha maxsus vakili Serj Rumin “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

– Janob Serj Rumin, O‘zbekistonga tashrifingizning qanday natijalarini eng muhim deb hisoblaysiz? Farg‘onada “Yosh tinchlikparvarlarning transchegaraviy tashabbusi”ning ochilishida ham ishtirok etdingiz. YXHT O‘zbekistondagi bunday tadbirlarda o‘z vakillarining shaxsan ishtirok etishiga qanday qaraydi?

– YXHTning amaldagi raisining maxsus vakili sifatidagi mandatimning bir qismi muloqotga ko‘maklashish va ishonchni mustahkamlash bilan bog‘liq. Men ushbu lavozimga Shveysariyaning xavfsizlik, ishonch va muloqot ustuvor bo‘lgan YXHTga raisligi davrida tayinlanganman. Bu yo‘nalishlarning ikkitasi mening mandatimda bevosita o‘z aksini topgan.

Mening vazifam YXHTning muloqot va ishonch choralarini rivojlantirish borasidagi faoliyatini, ishtirokchi davlatlar mintaqalarida kechayotgan jarayonlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Markaziy Osiyoda Farg‘ona vodiysidagi tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Muhim natijalardan biri 2025-yil 31-mart kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari tomonidan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasining imzolanishiga ko‘maklashish bo‘ldi.

Dunyodagi ko‘plab mojarolar fonida ijobiy misollar haqida ham gapirish muhim. Markaziy Osiyo shunday namuna ko‘rsatmoqda, chunki uch davlat mavjud masalalarni hal qilish uchun muloqot yo‘lini tanladi. Bu mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda muloqot qanchalik muhim ekanini tasdiqlaydi.

Ayniqsa, Yosh tinchlikparvarlar forumida ishtirok etish men uchun qadrli. Bunday tashabbuslar faqat hukumatlar faoliyati bilan cheklanib qolmasligi kerak. Jamiyatning turli qatlamlarini jalb etish zarur. Forumda mahalliy hokimiyat organlari, akademik doiralar vakillari hamda yoshlar birgalikda ish olib borishdi.

Bu kabi loyihalar yoshlarga aloqa o‘rnatish, fikr almashish, bir-birini tinglashni o‘rganish va mavjud muammolarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Aynan ular ertangi kunning yetakchilari bo‘lib, hamkorlik va o‘zaro ishonchni bugunoq o‘rganmoqda.

Ishonchni bir kunda yaratib bo‘lmaydi. Shuning uchun yoshlarga sarmoya kiritish va ularning ijtimoiy muloqotdagi ishtirokini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Yoshlarning faol ishtiroki, muammolarni tushunishga intilishi va yechimlarni birgalikda izlashga tayyorligi menda katta taassurot qoldirdi.

– 2025-yilgi Farg‘ona tinchlik forumi natijalarini qanday baholaysiz? Bunday tashabbuslarni YXHT makonida muloqot va hamkorlikning barqaror hamda doimiy mexanizmiga aylantirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

– Menimcha, muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri turli darajadagi hokimiyat va jamiyat vakillarini jalb qilishdir. Men viloyat rahbari bilan uchrashish, mahalliy hamjamiyat vakillari, yoshlar, ayollar, jumladan, chegara hududlaridan kelgan ishtirokchilar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ushbu tashabbuslarda keng doiradagi manfaatdor tomonlar ishtirok etmoqda.

YXHTning ham davlat tuzilmalari, ham jamiyat bilan o‘zaro hamkorlik qilish qobiliyati alohida rol o‘ynaydi. Aynan shunday yondashuv jarayonlarning barqarorligini taʼminlaydi. Agar ish faqat yuqori siyosiy darajada olib borilsa, uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Bu jarayonga o‘z mamlakatlarining kelajagini belgilashi kerak bo‘lgan odamlar jalb etilishi muhim.

Tushunishimcha, hozir Xo‘jandda ikkinchi forumga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu esa hukumatlarning tanlangan yo‘lni davom ettirishga sodiqligidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, turli muloqot maydonlari ­– yoshlar forumlari, ayollar tashabbuslari va Farg‘ona vodiysi forumi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Ularning o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmlarini yaratish va alohida uchrashuvlardan hamkorlikning yana-da barqaror hamda institutsional formatlariga bosqichma-bosqich o‘tish zarur. Aynan shu narsa Xo‘jand deklaratsiyasi maqsadlarini uzoq muddatli amalga oshirishning asosi bo‘ladi.

– Tashrifingizni yakunlar ekansiz, Markaziy Osiyoning so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik sohasidagi eng muhim yutuq vaasosiy muammo nimalardan iborat?

– Eʼtiborli jihati shundaki, mintaqa hukumatlari bu jarayonga barqaror va izchil sodiqlik ko‘rsatmoqda. Gap faqat bayonotlar haqida emas, balki manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning ko‘plab shakllarida namoyon bo‘layotgan haqiqiy harakatlar haqida ham bormoqda. Shuning uchun o‘tmishga qaytishni tasavvur qilish qiyin. Erishilgan natijalar allaqachon yetarlicha mustahkamlangan.

Mavjud masalalarni ochiq muloqot va turli ishtirokchilarning birlashuvi orqali hal etish zarurligi haqida umumiy tushuncha shakllandi. Shu bilan birga, muloqot hech qachon oson bo‘lmaydi. Agar muhokama murakkab bo‘lsa, demak, haqiqiy muammolar ko‘rib chiqilmoqda. Suhbat juda yengil o‘tganda esa, eng muhim masalalar ko‘pincha kun tartibidan chetda qoladi.

Jarayonning asosiy kuchi eng yuqori siyosiy darajadagi samimiy sadoqatdadir. Yuqoridan pastga va pastdan yuqoriga qarab rivojlanadigan tashabbuslar ham muhim rol o‘ynaydi. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari, xotin-qizlar uyushmalari, transchegaraviy hamkorlik platformalari, adolatli savdo loyihalari va boshqa hamkorlik shakllari faol ishlamoqda. Bularning barchasi jarayonni jonli va dinamik qiladi.

Xo‘jand deklaratsiyasi mintaqaviy hamkorlikka yangi surʼat bag‘ishlagandek va ishtirokchilarning birgalikda ishlash uchun yangi imkoniyatlar mavjudligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagandek tuyuladi. Ishonchim komilki, bu jarayon muvaffaqiyatli natijalarga olib keladi.

Shu bilan birga, gap uzoq muddatli ish haqida ketayotganini tushunish kerak. Uchrashuvlarim davomida tanlangan yo‘nalish yoki erishilgan kelishuvlarni shubha ostiga qo‘yadigan hech narsa eshitmadim.

Ishonchni mustahkamlash vaqt talab qiladi. Biroq geografiyani o‘zgartirib bo‘lmaydi: qo‘shni davlatlar abadiy qo‘shni bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida mustahkam munosabatlar o‘rnatish hamda uzoq muddatli ishonchni saqlab qolish juda muhim.

Ishonch bo‘lsa, xavfsizlik mustahkamlanadi, iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlari kengayadi, almashinuv va hamkorlik o‘sadi. Aynan shuning uchun ham bugun Markaziy Osiyoda sodir bo‘layotgan voqealar nafaqat YXHTga aʼzo davlatlar, balki butun xalqaro hamjamiyat eʼtiborini tortishi lozim bo‘lgan umidbaxsh misoldir.

– Suhbatimiz yakunida “Dunyo” AA auditoriyasiga murojaat qilishingizni so‘ramoqchiman. Ushbu intervyuni o‘qiyotgan yoki tomosha qilayotgan yoshlarga qanday maslahat va takliflar berishni xohlaysiz?

– Asosiysi, muloqot jarayoniga qo‘shilishdan qo‘rqmaslik. U kamdan-kam hollarda yengil bo‘ladi. Vositachilik va muloqotni rivojlantirish sohasidagi ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, muvaffaqiyatlar va qiyinchiliklar bu yo‘lning tabiiy qismidir.

Umidsizlikka berilmaslik, qiyinchiliklar yoki noaniqlikdan qo‘rqmaslik muhim. Ishonch va hamkorlikni mustahkamlash vaqt, sabr va qatʼiyat talab qiladi.

Bugun oldinga siljish imkonini beruvchi zarur mexanizmlar allaqachon yaratilgan. Ushbu jarayonga sarmoya kiritish va siyosiy iroda ko‘rsatish orqali davlatlar o‘z kelajagi hamda kelgusi avlodlar kelajagi uchun poydevor yaratadi.

Bu ishonch muhitini mustahkamlash, mintaqaviy o‘ziga xoslikni rivojlantirish hamda xavfsiz, barqaror va jadal rivojlanayotgan iqtisodiy makonni yaratish uchun haqiqiy imkoniyatdir. Bunda gap nafaqat jarayonda bevosita ishtirok etayotgan mamlakatlar, balki Qozog‘iston va Turkmanistonni o‘z ichiga olgan kengroq mintaqaviy hamkorlik haqida ham bormoqda.

Shu bois Markaziy Osiyo davlatlari oldida tinchlik, ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar ochilayotganiga ishonchim komil.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish