“World Tribune Pakistan”: Samarqandda Parlamentlararo ittifoqning anʼanaviy konferensiyasiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda
Avgust 26, 2026. 12:30 • 2 daq
• 5
ISLOMOBOD, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “World Tribune Pakistan” nashrida Samarqandda o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoq yosh aʼzolarining XII xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan material eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda “Tahlikali davrda barcha uchun shaxsiy huquq, adolat va qadr-qimmatni tiklash” mavzusida 4–6 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq yosh aʼzolarining XII xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tishi maʼlum qilingan.
Xabar qilinishicha, anjumanga 183 mamlakatdan 15 ta xalqaro tashkilot, 50 nafarga yaqin doimiy kuzatuvchi hamda 300 nafar ishtirokchi qatnadi.
Tadbir doirasida turli sessiyalar o‘tkazilib, unda ishtirokchilar bugungi davr yoshlarining holati va huquqlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qiladi.
Materialda yozilishicha, anjumanda o‘tkaziladigan uchrashuvlar innovatsion va interaktiv formatlarda tashkil etiladi. Bunday yondashuv nafaqat fikr almashishni mazmunli tashkil etish, balki turli davlatlar parlamentlarining yosh aʼzolari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda parlamentlararo hamkorlikning o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro forum ham o‘tkaziladi.
Yosh parlament aʼzolarining anʼanaviy konferensiyasini o‘tkazish mexanizmi 2014-yilda taʼsis etilgan. Mazkur mexanizm yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish, qonunchilik bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqish, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash va salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Parlamentlararo ittifoqning yoshlarning siyosiy hayotdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbusi 2010-yildan boshlangan. O‘sha yili tashkilotning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan 122-assambleyasida “Yoshlarning demokratik jarayondagi ishtiroki” to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilingan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi