Fransiyada o‘quvchilarning ommaviy norozilik namoyishlari politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi

Oktabr 06, 2026. 20:25 • 2 daq

• 97
Fransiyada o‘quvchilarning ommaviy norozilik namoyishlari politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi
“France 24” surati

PARIJ, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Fransiyada sentyabr oyi oxirida ta’lim tizimi holati hamda o‘qish sharoitlaridan norozilik ortidan boshlangan maktab o‘quvchilari va talabalarning ommaviy norozilik namoyishlari politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “France 24” telekanaliga tayanib.

Bugun mamlakatning 30 dan ortiq shahrida norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Fransiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, ularda 86 mingga yaqin kishi, jumladan, Parijda 40 ming fuqaro qatnashgan.

Namoyishchilarning asosiy talablari o‘qituvchilar yetishmovchiligi, o‘quvchilarga yuklamalarning og‘irligi, o‘quv kunining uzoq davom etishi va maktab infratuzilmasining nochor holati bilan bog‘liq.

Kasaba uyushmalari oliy o‘quv yurtlarida qo‘shimcha o‘rinlar yaratish, maktablarni shoshilinch ta’mirlash uchun 10 milliard yevro yo‘naltirish hamda pedagoglarni ommaviy ravishda ishga qabul qilishni talab qilmoqda.

Norozilik namoyishlari asnosida qator shaharlarda politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Strasburgda aksiya ishtirokchilari huquq-tartibot xodimlariga petardalar uloqtirdi, Rennda esa politsiya suv purkagichlarni qo‘lladi.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, tartibsizliklar davomida 200 dan ortiq yoshlar, o‘nlab o‘qituvchilar va politsiyachilar jarohatlangan, 5 mingdan ortiq kishi qo‘lga olingan.

Aksiyalarga ayrim ota-onalar ham qo‘shildi. Ular, xususan, ayrim holatlarda o‘n soatgacha cho‘zilishi mumkin bo‘lgan o‘quv kunining haddan tashqari uzoqligiga qarshi chiqmoqda.

Hukumat vaziyatni yumshatishga urinmoqda. Bosh vazir Sebastyan Lekornyu vazirlarga pedagoglar yetishmovchiligi, o‘quv kunining davomiyligi va maktab binolari holati bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishni topshirdi.

Ta’lim vazirligi yuqori sinf o‘quvchilari bilan maslahatlashuvlarni boshlab yubordi. Hukumat tizimni isloh qilish bo‘yicha dastlabki takliflarni oktyabr oyi oxirigacha taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish