O‘zbekiston va Avstriya muzey kolleksiyalarini restavratsiya qilish va raqamlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

Oktabr 06, 2026. 19:31 • 2 daq

• 12
O‘zbekiston va Avstriya muzey kolleksiyalarini restavratsiya qilish va raqamlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

VENA, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Avstriya poytaxtida O‘zbekiston Tabiat davlat muzeyi direktori Azimjon Rasulovning Vena tabiiy tarix muzeyi bosh direktori va ilmiy rahbari, doktor Katrin Voland bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida muzey sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, tabiiy va ilmiy merosni asrab-avaylash, muzey ashyolarini restavratsiya qilish, kolleksiyalarni raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tajriba almashish hamda mutaxassislarning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Vena tabiiy tarix muzeyi faoliyati, uning ekspozitsiyalari, ilmiy kolleksiyalari hamda tabiiy obyektlarni saqlash, hujjatlashtirish, tadqiq etish va restavratsiya qilishga oid ilg‘or yondashuvlar bilan tanishildi.

Uchrashuvda muzey ashyolarini restavratsiya qilish va ularni saqlash sharoitlarini yana-da takomillashtirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Tomonlar kolleksiyalarning holatini baholash, ilmiy hujjatlashtirish, restavratsiya va ularni uzoq muddat saqlashning zamonaviy usullarini joriy etishda avstriyalik mutaxassislar tajribasini o‘rganish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar muloqotlarni davom ettirish hamda O‘zbekiston va Avstriyaning sohaviy muzey hamda ilmiy muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish