Xalqaro kompaniya O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari uchun yangi tashqi bozorlar topishga ko‘maklashadi

Sentabr 29, 2026. 10:00 • 3 daq

•
Xalqaro kompaniya O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari uchun yangi tashqi bozorlar topishga ko‘maklashadi

ISLOMOBOD, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev va “H&M Group” kompaniyasining Pokiston, Bangladesh va Afrika mintaqasi bo‘yicha direktori Ziaur Rahman o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro brendlarning global ta’minot zanjirlariga keng jalb etish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar eksportini oshirish va yangi tashqi bozorlarga chiqish masalalari muhokama qilindi.

Veb-uchrashuv avvalida elchi Alisher To‘xtayev O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar, xorijiy investorlarni jalb etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va yaratilgan imkoniyatlar xususida batafsil so‘zlab berdi. O‘zbekistonda yengil sanoat sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, mavjud ishlab chiqarish salohiyati hamda paxta xomashyosidan boshlab ip-kalava, mato, bo‘yash-pardozlash va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq qiymat zanjiri shakllangani qayd etildi.

Xususan, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan paxta xomashyosi to‘liq mamlakat ichida qayta ishlanayotgani, yengil sanoat mahsulotlari eksporti hajmi 4 milliard AQSh dollariga yetgani hamda milliy mahsulotlar 75 ta davlat bozoriga eksport qilinayotgani ta’kidlandi.

“H&M” kompaniyasi mintaqaviy rahbari Ziaur Rahmanning aytishicha, korxona to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini xalqaro bozorlardan xarid qilish hamda global ta’minot zanjirlarini boshqarish sohasida qariyb 30 yillik tajribaga ega.

– O‘zbekistonda paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirining mavjudligidan xabardormiz, – dedi u. – Shuningdek, Yevropa bozoriga chiqishdagi savdo preferensiyalari, ishlab chiqaruvchilarga ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magi va mamlakatning Yevropa bozorlariga nisbatan qulay geografik joylashuvi muhim raqobat ustunliklarini taqdim etadi.

Shuningdek, muzokaralar davomida “H&M” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning amaliy mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Xususan, “H&M” taklif etilayotgan sorsing (xarid) kompaniyasi imkoniyatlaridan foydalangan holda O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlarini xalqaro brendlar va yirik chakana savdo tarmoqlariga olib chiqish masalasi muhokama qilindi.

Shu bilan birga, uning ko‘p yillik xalqaro tajribasidan foydalanib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni “H&M” va boshqa global brendlarning talablariga moslashtirish, eksportbop mahsulot turlarini shakllantirish, korxonalarning marketing va sotuv salohiyatini oshirish, xalqaro xaridorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda yangi eksport buyurtmalarini jalb etish yo‘nalishlarida ekspert sifatida hamkorlik qilish taklif etildi.

“H&M” vakili mazkur takliflarga qiziqish bildirib, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa va boshqa bozorlardagi yetakchi brendlarga olib chiqish hamda mahalliy korxonalar uchun amaliy eksport buyurtmalarini jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida “H&M” kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan joyiga chiqqan holda tanishish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish