O‘zbekiston va Xitoy “Samarkand–2028” giperspektral sunʼiy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli uchirdi
Avgust 05, 2026. 17:30 • 2 daq
• 111
PEKIN, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “Star.Vision” kompaniyasi tomonidan Shandun provinsiyasidagi kosmodromdan “Samarkand–2028” nomli giperspektral sunʼiy yo‘ldoshi muvaffaqiyatli uchirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Vazni 300 kg bo‘lgan sunʼiy yo‘ldoshning noyobligi masofadan zondlashning boshqa analoglariga nisbatan yengil ekanidadir. Taqqoslash uchun, Amerikaning “WorldView–3” sunʼiy yo‘ldoshi 2,8 tonna, Yevropa kosmik agentligining “Sentinel–2” sunʼiy yo‘ldoshi esa 1140 kg keladi.
Xitoylik mutaxassislarning maʼlum qilishicha, “Samarkand–2028” sunʼiy intellektga ega hisoblash bloki bilan jihozlangan, bu esa uni dunyodagi eng qudratli giperspektral qurilmaga aylantiradi. Yuqori hisoblash quvvati maʼlumotlarni orbitaning o‘zida qayta ishlashni yakunlash va Yerga faqat samarali axborotni uzatish imkonini beradi.
Bu esa maʼlumotlarni qayta ishlash vaqtini kunlar/soatlardan daqiqalargacha qisqartiradi. Shu bilan birga, maʼlumotlardan foydalanish koeffitsiyentini 10 foizdan 80 foizdan ziyodga oshiradi hamda qo‘lda tahlil qilish bilan solishtirganda operatsion samaradorlikni 5 barobardan ko‘proqqa yaxshilaydi.
Yengil va aqlli texnologiyalarning uyg‘unligi aniq kuzatishdan tushunishga o‘tish imkonini beradi. Bu giperspektral sunʼiy yo‘ldosh uchun maʼlumot yig‘ishdan intellektual xizmatlar ko‘rsatishga o‘tishdagi muhim qadamdir. Masalan, u qishloq xo‘jaligi ekinlaridagi azot, fosfor va kaliy miqdorini hamda ularning o‘sishini nazorat qila oladi, shuningdek, ko‘llar va tuproqdagi ifloslanishni aniqlay oladi.
Fan va texnika sohasidagi ulkan yutuqlari uchun davlat mukofoti sovrindori, Xitoy Fanlar akademiyasi va Muhandislik akademiyasi aʼzosi Li Derenning fikricha, bugungi muvaffaqiyat – giperspektral masofadan zondlash texnologiyasidagi katta yutuq. Yuqori darajadagi xalqaro tijoriy giperspektral sunʼiy yo‘ldoshlar endi shunchaki piksellarni yozib oluvchi kameralar emas, balki ko‘rgan hamma narsasini tushuna boshlaydigan qurilmalardir.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida Xitoyning Boshqariladigan kosmonavtika agentligi, “Great Wall”, “Star Vision” va “Mino Space” korporatsiyalarida bo‘lib o‘tgan turli uchrashuvlarda qatnashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi