O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani Xitoy OAV nigohida
Iyun 25, 2026. 17:30 • 2 daq
• 18
PEKIN, 25-iyun. /Dunyo AA/. Xitoyning nufuzli “Sinxua” AA va “Jenmin jibao” nashrida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan uchinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.
Materiallarda qayd etilishicha, Namangan shahrida YUNESKO hamda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) shafeligida uchinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Unda 83 mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 230 nafardan ziyod vakil ishtirok etmoqda.
Taʼkidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigida sanʼat insonlar qalbini bog‘laydigan va ezgulikka yo‘l ochadigan maʼnaviy ko‘prik ekanini qayd etgan. Shu maʼnoda, O‘zbekistonda anʼanaga aylangan ushbu anjuman maqom sanʼatining umumbashariy ahamiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan jahon maydoniga aylanib bormoqda.
Anjuman doirasida 18 mamlakat ijrochilari o‘rtasida xalqaro tanlov bo‘lib o‘tmoqda. Dasturdan ilmiy-amaliy tadbirlar va SHHTga aʼzo davlatlarning madaniyatlararo muloqot forumi o‘rin olgan. Mazkur madaniy tadbir 2018-yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinmoqda.
“Mazkur anjumanning asosiy maqsadi maqom sanʼatini keng ommalashtirish, asrab-avaylash va rivojlantirish, xalqaro miqyosda madaniy va ilmiy-ijodiy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat”, deya xulosa qilgan Xitoy OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi